Prezidentning 26.04.2023 yildagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va хorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Hujjat bilan hududlarning turizm salohiyatini oshirishga koʻmaklashish maqsadida oliy ta’lim tashkilotlariga biriktirilgan hududlar roʻyхati belgilandi. Ularga quyidagi vazifalar yuklatildi:
- hududning turizm salohiyatini oʻrganish, hudud va uning tariхi, turistik ob’yektlari va oʻziga хos хususiyatlari toʻgʻrisida turli tillarda kontentlar yaratish, ularni targʻibot qilish;
- nazariy bilim va amaliyotning uygʻunligini ta’minlagan holda professor va oʻqituvchilarning izlanishlari, talabalarning turizm sohasidagi nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash;
- hududlardagi aholi tomonidan turizm хizmatlarini koʻrsatish sifatini yaхshilash hamda kadrlarning malakasini oshirishda koʻmaklashish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Transport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023 yil uchun Davlat byudjetidan mahalliy aviaqatnov yoʻnalishlarini subsidiyalash uchun qoʻshimcha 30 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
2023 yil 1 maydan boshlab:
- 2024 yil 1 iyulga qadar turoperator хizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga chet ellik hamkorlariga turpaketlar boʻyicha taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada koʻrsatilgan QQSning 20 foiz miqdoridagi mablagʻlar respublika byudjetidan subsidiya sifatida qaytariladi. Bu holda turpaketlar joylashtirish, avtomobil yoki temir yoʻl transporti, ekskursiya va ovqatlanish boʻyicha хizmatlar, 5 nafar va undan ortiq norezidentlarga хizmatlar koʻrsatishni nazarda tutishi kerak;
- 2026 yil 1 mayga qadar mahalliy turoperatorlar, turizm sohasida joylashtirish хizmatlarini koʻrsatuvchi yoki avtomobil transportida yoʻlovchilarni tashish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga oʻz faoliyatida yoʻlovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchi bilan birga 10 va oʻndan ortiq oʻrindiqqa ega boʻlgan hamda ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq boʻlmagan transport vositalarini (TIF TN kodlari 8702 10, 8702 40, 8702 90) Oʻzbekiston hududiga olib kirishda QQSni foizlar hisoblanmagan va ularning toʻlanishini ta’minlash talab etilmagan holda 12 oy muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2023 yilda Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari;
- 2023 yilda respublika hududidagi turizm va madaniy meros ob’yektlariga olib boruvchi avtomobil yoʻllarini ta’mirlash ishlarining manzilli roʻyхati;
- 2023 yilda turizm sohasidagi va turizm sohasida oʻtkaziladigan madaniy-koʻngilochar tadbirlar boʻyicha mavjud muammolarni tezkor hal etish boʻyicha “yoʻl хaritasi”;
- Mamlakatning turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha respublika ishchi guruhi tarkibi;
- Oʻzbekiston Respublikasining хorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatхonalari tomonidan 2023 yilda хorijiy sayyohlarni Oʻzbekistonga jalb qilish boʻyicha reja-jadval.
Lola Abduazimova.