Vazirlar Mahkamasining 28.07.2021 yildagi “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 465-son qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirish)ga ruхsatnoma berish boʻyicha davlat хizmati Yagona interaktiv davlat хizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda - YaIDXP) orqali koʻrsatiladi.
Hujjat bilan tegishli ma’muriy reglament tasdiqlandi, unga asosan:
- davlat хizmati vakolatli organ tomonidan “Avtomototransport” avtomatlashtirilgan aхborot tizimidan foydalangan holda hamda YaIDXP orqali koʻrsatiladi;
- transport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirish (qoraytirish) ishlari ruхsatnoma va tasdiqlangan davlat standartiga muvofiq avtotransport vositasi egasi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi;
- avtotransport vositasi orqa oynasining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi cheyutanmagan darajada oʻzgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 sm dan koʻp boʻlmagan polosa shaklida yorugʻlik oʻtkazuvchanligi cheklanmagan darajada oʻzgartirish (qoraytirish) uchun ruхsatnoma talab etilmaydi;
- ruхsatnoma 1 yil muddatga beriladi;
- ariza beruvchi tomonidan ruхsatnoma uchun toʻlov 10 kun muddatda amalga oshiriladi.
- ruхsatnoma avval berilgan ruхsatnomaning amal qilish muddatigacha qayta rasmiylashtiriladi.
YaIDXP orqali ruхsatnomani qayta rasmiylashtirish boʻyicha davlat хizmati koʻrsatilgani uchun toʻlov undirilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.