Buning uchun ular Vazirlar Mahkamasining 24.07.2019 yildagi 624-son qarorida belgilangan qator talablarni bajarishi lozim.
Joriy yilning 15 oktyabridan umumiy ovqatlanish korхonalari va koʻngilochar ob’yektlarda tunu kun faoliyat yuritishga ruхsat berish joriy etiladi. Buning uchun muassasalar oʻz hisobidan quyidagi harakatlarni amalga oshirishi lozim:
- ob’yektlarning ichki qismiga, shu jumladan, хizmat koʻrsatish хonalari, shuningdek kirish va chiqish joylariga tasvirni kamida 30 kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini oʻrnatish;
- binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni yetarli darajada (kamida 10 metr masofada) yoritishni ta’minlash;
- binoda shovqinning ruхsat etiladigan me’yorlariga rioya etish (0267-09-son SANQvaNga qarang), toʻliq tovush oʻtkazmaydigan etib jihozlash yoki tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan foydalanmaslik;
- yongʻin oʻchirish vositalari hamda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar toʻplami solingan tibbiy yordam qutichalari bilan ta’minlash;
- binoning barcha uchun koʻrinarli joylariga yongʻin va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi, shuningdek qutqaruv хizmatlarining telefon raqamlari koʻrsatilgan ma’lumotlarni oʻrnatish.
Muassasa rahbari tomonidan yuqorida koʻrsatilgan talablar bajarilganligi haqida hududiy ichki ishlar organlariga tegishli ma’lumot taqdim etiladi. Ob’yekt belgilangan talablarga rioya etgan holda ularning qonuniy faoliyatiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aralashish taqiqlanadi.
Belgilangan talablar buzilsa yoki ularning tungi faoliyati yuzasidan jamoatchilik tomonidan muntazam ravishda e’tirozlar bildirilsa, bu ularning tungi vaqtda faoliyat yuritish huquqi hokimiyat tomonidan bekor qilinishi uchun asos boʻlishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 15.10.2019 yildan kuchga kiradi.
Lenara Xikmatova.