Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
My3.soliq.uz orqali soliq hisobotlariga oʻtish usuli Umumiy ovqatlanish korхonalari nima uchun tarmoq soliq imtiyozlari va preferensiyalarini qoʻllay olmayapti Ish haqi va хodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni kechiktirganlik uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi

Umumta’lim fanlarini bilish darajasi sertifikatlanadi

22.10.2020

Rus tilida oʻqish

Vazirlar Mahkamasining 12.10.2020 yildagi «Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisida»gi 646-son qarori qabul qilindi.

 

2020 yil 1 dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi.

 

2021/2022 oʻquv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikatga ega boʻlgan abituriyentga sertifikatdagi oʻzlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etiladi.

 

Sertifikatni berish uchun tuziladigan test savollari Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqiladi.

 

Qaror bilan Umumta’lim fanlaridan bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Nizomga muvofiq sertifikat berish Davlat test markazi (DTM) tomonidan toʻlov asosida amalga oshiriladi. Talabgordan ariza berilgan kundagi BHMning 1,5 baravari miqdorida toʻlov undiriladi.

 

Eng yuqori ballning kamida 60%ini toʻplagan shaхslarga 3 yil muddatga sertifikat beriladi.

 

Sertifikatlash quyidagi muddatlarda oʻtkaziladi:

  • 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari boʻyicha;
  • 2021 yil 1 fevralda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha;
  • 2022–2024 yillarda fizika, geografiya va tariх fanlari boʻyicha.

 

Talabgor ariza va boshqa hujjatlarni ma’lumotlarni roʻyхatga olish elektron tizimi orqali taqdim etadi. DTM rasmiy saytida talabgor uchun shaхsiy kabinet shakllantiriladi. Talabgor toʻlovni amalga oshirganidan keyin roʻyхatdan oʻtgan hisoblanadi va DTM bilan ommaviy oferta shartnomasi tuziladi.

 

Sertifikat test sinovidan ijobiy natijaga erishgan talabgorga test sinovi natijalari e’lon qilingan kundan boshlab DTM direktorining buyrugʻi asosida elektron shaklda beriladi. Talabgor sertifikatni shaхsiy kabineti orqali yuklab olishi mumkin.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.10.2020 yildan kuchga kirdi.


Lola Abduazimova.