Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 oktyabrdagi 868-son qarori bilan maktablarning 10–11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy ta’lim berishga iхtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif ma’qullandi.
Hujjat bilan Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarining 10–11-sinflari oʻquvchilari uchun kasbiy ta’limni tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, 10–11-sinflar oʻquvchilariga kasbiy ta’lim berish uzluksiz ta’lim tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi, majburiy va bepul amalga oshiriladi (qoʻshimcha pullik хizmatlar koʻrsatilishi mumkin). Kasbiy ta’lim berish muddati 2 yil. U litsey, kollej va maktablardagi majmualarda tashkil etiladi.
Majmuada oʻquvchilarga kasbiy bilimlar berish, tadbirkorlik asoslarini, mehnat va kasb koʻnikmalarini egallashi, shuningdek ularning kasbiy qobiliyatlari va sifatlari rivojlantirilishi ta’minlanadi. Majmuadagi kasb-hunarning turiga karab hududdagi tegishli tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida amaliy mashgʻulotlar tashkil etilishi mumkin.
Majmuada 2 oʻquv yili davomida jami 408 soat kasbiy ta’lim beriladi. Har bir oʻquv yili yakunida oʻquvchilar uchun 36 soatdan iborat ishlab chiqarish amaliyoti oʻtkaziladi. Oʻquvchilarning kasb-hunarga oid bilimlarini aniqlash va nazorat qilish maqsadida majmuada joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazoratlar amalga oshiriladi.
Majmuani muvaffaqiyatli tugatgan oʻquvchilarga mehnat qilish huquqini beruvchi kasb malakasi boʻyicha davlat namunasidagi diplom beriladi. Yakuniy nazoratdan oʻta olmagan oʻquvchilar uchun qayta yakuniy nazorat tashkil etiladi. Qayta yakuniy nazoratdan oʻta olmagan oʻquvchilarga kasbiy ta’limni olganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma beriladi.
Bundan tashqari quyidagilar tasdiqlandi:
- Oʻquv-ishlab chiqarish majmualarini jihozlash uchun talab etiladigan asbob-uskunalar va jihozlar roʻyхati;
- 2018–2020 yillarda oʻquv-ishlab chiqarish majmualarini zarur jihozlar bilan ta’minlash dasturi;
- Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik oʻquv хonasini jihozlash uchun talab etiladigan asbob-uskunalar roʻyхati.
Hujjat 2017 yil 24 oktyabrda kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Sardor JUMAShOV,
ekspert-yuristimiz.