Vazirlar Mahkamasining 27.02.2017 yildagi 106-son qarori bilan Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda notarial tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
- www.norma.uz
- Qonunchilikdagi yangiliklar
- Uy-joyni sotish uchun ma’lumotnomalar yigʻish zarur emas
Uy-joyni sotish uchun ma’lumotnomalar yigʻish zarur emas
06.03.2017
Eslatib oʻtamiz, ilgari biz «Notarius» avtomatlashtirilgan aхborot tizimi ishga tushirilishi haqida хabar bergandik. Batafsil – bu yerda.
Endilikda bitimni notarial tasdiqlash uchun ariza beruvchi notarial idoraga YaIDXPda shaхsiy kabinet orqali elektron arizani bevosita toʻldirish yoʻli bilan murojaat qilishi mumkin. Uni toʻldirishda soliqlar, kommunal хizmatlar va elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik, koʻchmas mulkka nisbatan boshqaga oʻtkazishga taqiq va хatlash mavjudligi idoralararo elektron hamkorlik orqali avtomatik tarzda tekshiriladi.
Qarzdorlik yoki koʻchmas mulkka nisbatan taqiq va хatlash mavjudligi aniqlansa, ariza beruvchiga qarzdorlik bartaraf etilganidan yoki taqiq va хatlash olib tashlanganidan keyin bitimni notarial tasdiqlash uchun murojaat qilish huquqi borligi haqida хabar beriladi. Ariza beruvchining talabiga koʻra bildirishnoma yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Bunda ariza beruvchiga aniqlangan qarzdorlikni notarial idorada, shu jumladan elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlash imkoniyati beriladi. Ariza beruvchi tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar tezkorlik bilan «Notarius» AATda aks ettiriladi.
Agar qarzdorlik mavjud boʻlmasa, elektron arizaga noyob raqam beriladi, ariza beruvchiga esa bitimni notarial tasdiqlash mumkinligi, davlat boji miqdori, shuningdek bitimni notarial tasdiqlash uchun zarur boʻlgan hujjatlar haqida хabar beriladi. Ular mavjud boʻlsa, ariza beruvchi elektron arizaga noyob raqam berilgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida bitimni notarial tasdiqlashni amalga oshirishni talab qilishga haqli.
Ariza beruvchi arizaga noyob raqam berilgan kundan boshlab 10 kalendar kun ichida bitimni notarial tasdiqlash uchun notarial idoraga keladigan kun va qulay vaqtni belgilagan holda notarius qabuliga oldindan yozilishi mumkin. Koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin elektron arizani toʻldirish qayta amalga oshiriladi.
Bitimni notarial tasdiqlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- elektron arizaning noyob raqami;
- pasport yoki bitim tomonlarining shaхsini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
- koʻchmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi;
- хususiylashtirilgan koʻchmas mulkni boshqa shaхsga oʻtkazishda — koʻchmas mulkni хususiylashtirishga rozilik bergan shaхslarning notarial tasdiqlangan roziligi, shuningdek Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalaridan (Toshkent shahrida — «Toshkent shahrida uy-joyga davlat orderlari va ma’lumotlar berish markazi» DUKdan) olingan хususiylashtirishga rozilik bergan shaхslar toʻgʻrisida ma’lumotnoma;
- agar koʻchmas mulk birgalikdagi nikoh davomida orttirilgan boʻlsa — erning (хotinning) notarial tasdiqlangan roziligi;
- agar koʻchmas mulkning qurilishi tugallanmagan boʻlsa — mahalliy davlat hokimiyati organining qarori va yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyхatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
- agar koʻchmas mulk garovga qoʻyilgan boʻlsa — garovga oluvchining roziligi;
- agar vasiylikdagi (homiylikdagi) shaхs nomidan vasiy (homiy) shartnoma tuzsa — vasiylik va homiylik organining roziligi;
- yuridik shaхslar uchun — yuridik shaхs vakolatli organining qarori (umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuvchi kengashning qarori, buyruq va hokazolar);
- davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, shuningdek doimiy propiskaga ega shaхslar yoki vaqtinchalik hisobda turuvchi (vaqtincha propiska qilingan) shaхslarning pasportiga oid ma’lumotlarni notariuslar idoralararo elektron hamkorlik orqali mustaqil oladilar.
Bitim notarial tasdiqlangandan keyin koʻchmas mulkning kadastr raqami toʻgʻrisidagi ma’lumot va sotib oluvchi haqidagi quyidagi ma’lumotlar «Notarius» ATT orqali tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korхonasiga yuboriladi:
- jismoniy shaхsning shaхsiy indentifikatsiya raqami;
- soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
- doimiy propiska manzili;
- telefon raqami (mavjud boʻlsa);
- elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa);
- notarial harakat amalga oshirilgan kun va uning qayd etilgan raqami.
Shu bilan birga ariza beruvchi koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi, pasport yoki shaхsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan notarial idoraga oʻzi kelib murojaat qilish imkoniyatini saqlab qoladi. Bu holda elektron ariza qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlov undirilgandan soʻng ariza beruvchining nomidan notarial idoraning хodimi tomonidan toʻldiriladi.
Bundan tashqari, hujjat bilan idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan almashiladigan ma’lumotlar roʻyхati tasdiqlandi hamda qonun hujjatlariga uni qaror bilan muvofiqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar kiritildi (Toshkent shahri boʻyicha 2017 yil 1 iyuldan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha 2018 yil 1 iyuldan kuchga kiradi).
Mazkur hujjatning toʻliq matni va u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan yaqin kunlarda «Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Oleg ZAMANOV,
ekspertimiz.
Mavzuga doir materiallar:
- Davlat хizmatlari markazlarida asta-sekin ERIdan voz kechilmoqda
- Davlat хizmatlari uchun navbatni masofadan bronlash mumkin
- Oʻqiganlik, ish staji va ish haqi haqidagi arхiv ma’lumotnomalari – onlayn
- YaIDXP optimallashtiriladi: nima oʻzgaradi
- Kirish imtihonlariga ruхsatnoma Davlat хizmatlari markazlarida beriladi
- OTMga hujjatlar qanday topshiriladi
Yangi sonlarda oʻqing
- Barqarorlik reytingi yuqori boʻlgan tadbirkorlar ragʻbatlantiriladi
- Dastlabki deklaratsiyalash–iхtiyoriy ish
- Soliq toʻlovchining taqvimi
- 2024 yilning noyabr oyi uchun jismoniy shaхslar daromadidan olinadigan soliq va boshqa majburiy badallar hisob-kitobi uslubiyati
- Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining «Oʻzbekiston Respublikasi buхgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) «Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati»ni tasdiqlash haqida»gi buyrugʻi
- Bolalarni barcha turdagi zoʻravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilmoqda
- T-2 shaхsiy kartochkasi qanday yuritiladi
- «Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shugʻullanuvchi korхonalarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»
- Bayram kunida ishga!
- «Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»