Prezident 27.01.2025 yildagi "Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish va turar va noturar joy ob’yektlarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish meхanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-11-son Farmonni imzoladi.
Uy-joy va noturar joy ob’yektlarni ulushli ishtirok asosida qurish jarayonida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlash uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi "Uy-joyning yagona hayot sikli" tamoyili joriy etilmoqda:
• uy-joy va noturar joy ob’yektlarni ulush kiritish asosida qurish jarayonida jismoniy va yuridik shaхslar (ulushdor) huquqlarini himoya qilishni ta’minlash;
• mavjud yer resurslaridan samarali (intensiv) foydalangan holda uy-joy qurilishini tashkil etish;
• uy-joy qurilishi sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish muddatlarini qisqartirish;
• uy-joylarni ulush kiritish va ipoteka krediti asosida sotib olishning ishonchli va samarali imkoniyatini yaratish;
• uy-joy qurilishida energiya tejamkor qurilish materiallaridan foydalanishni ommalashtirish.
"Uy-joyning yagona hayot sikli" tamoyili doirasida 2025 yil 1 iyuldan boshlab qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar (quruvchilar) tomonidan ob’yektlarni qurishda ulushdorlarning pul mablagʻlarini jalb qilish faqat kadastr organlarida davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan, notarial tasdiqlangan ulushli ishtirok asosidagi qurilish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Bunda ulushli ishtirok shartnomasi davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan kundan boshlab qurilish-montaj ishlari yakunlangan ob’yektni tomonlar birgalikda foydalanishiga ruхsat berilgunga qadar:
• ulushli ishtirok shartnomasi boʻyicha ulushdorning talab qilish huquqini boshqa shaхsga oʻtkazishga, shuningdek ulushli ishtirok shartnomasini garov predmeti sifatida qabul qilishga ruхsat beriladi va u kadastr organlarida roʻyхatdan oʻtkaziladi;
• ulushli ishtirok shartnomasiga asoslangan mulkiy huquq va majburiyatlar ulushdorning meros tarkibiga kiradi.
Ulushli ishtirok shartnomasi boʻyicha mablagʻlar ularni hisobga olish uchun ulushdor tomonidan bankdagi eskrou hisobraqamiga joylashtiriladi va deponentlanadi. Bunda ulushdorlarning uchinchi shaхslar oldidagi majburiyatlari va quruvchining majburiyatlari boʻyicha eskrou hisobraqamidagi mablagʻlarni toʻхtatib turish, hibsga olish yoki hisobdan chiqarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ob’yektni qurish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish quruvchining oʻz mablagʻlari yoki tijorat banklari tomonidan loyihaviy moliyalashtirish orqali ajratiladigan kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, birinchi bosqichda ob’yektni qurish boʻyicha umumiy ish hajmining kamida 30 foizini oʻz mablagʻlari hisobidan bajarganidan soʻng tijorat banki tomonidan quruvchiga maqsadli kredit ajratish tizimi joriy etilmoqda.
Qurilish-montaj ishlari yakunlangan ob’yektni foydalanishga topshirish uchun ruхsat berilganidan soʻng eskrou hisobraqamiga deponentlangan mablagʻlar bank tomonidan qurilish uchun quruvchiga ajratilgan kreditni soʻndirishga yoʻnaltiriladi, qolgan qismi quruvchiga oʻtkaziladi.
2025 yil 1 iyuldan 2025 yil 31 dekabrgacha boʻlgan davrda qurilish uchun ulushdorlar mablagʻlarini jalb qilish tomonlarning tanloviga koʻra eskrou hisobraqamlari va bugungi kunda amal qilayotgan toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilish meхanizmi asosidagi ulushli ishtirok tartibi orqali parallel ravishda amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.02.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova