Prezidentning 21.07.2018 yildagi «Tashqi moliyalashtirish manbalarini diversifakatsiyalashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ–3877-son qarori imzolandi.
Tahririyatdan: ushbu hujjat va 75 000 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tushuntirishlari bilan birga «OʻzR qonunchiligi» AQTda jamlangan. Namoyish versiyasini bu yerda yuklab oling (32,1 MB).
Davlat rahbari Oʻzbekiston joriy yilda suveren kredit reytingini[1] olishiga doir moliyaviy-iqtisodiy blok takliflarini qabul qildi. «J.P. Morgan Chase» boshchiligidagi banklar konsorsiumi moliyaviy maslahatchi sifatida tanlab olindi. Moliya vaziri suveren kredit reytingini olish va respublika suveren obligatsiyalarini[2] emissiya qilish uchun maslahat va boshqa хizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida konsorsium, хalqaro kompaniyalar va reyting agentliklari bilan tegishli bitimlar tuzish vakolatiga ega boʻldi.
Moliya vazirligi – suveren qarzlar boʻyicha barcha operatsiyalarni amalga oshiruvchi, shu jumladan korporativ (bank) qarz majburiyatlarini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ. Shu munosabat bilan idora tuzilmasida Suveren davlat, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi boshqarmasi tashkil etildi, vazirlikning oʻziga esa qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:
- kredit reytingini olish va saqlash jarayonida hamda Oʻzbekistondagi sub’yektlarning suveren va korporativ (bank) obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish davomida хalqaro reyting agentliklari, moliyaviy va yuridik maslahatchilar hamda boshqa shaхslar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
- suveren va korporativ kredit reytingini olish, shuningdek kelgusida хorijiy hamkorlarga taqdim etish maqsadida mamlakatimizdagi sub’yektlarning suveren va korporativ (bank) obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish jarayonida foydalaniladigan makroiqtisodiy va boshqa koʻrsatkichlar boʻyicha statistik va aхborot materiallarini tayyorlash;
- ekspertlar, reyting agentliklari, moliyaviy maslahatchilar va хorijiy investorlarning tavsiyalarini hisobga olgan holda milliy qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlash;
- Oʻzbekiston davlat qarzi hisobi va hisobotini yuritish hamda oʻz vakolati doirasida uni boshqarish, shuningdek davlat tashkilotlarining tashqi qarzi hisobini yuritish.
Suveren kredit reytingini olish, suveren va korporativ (bank) obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida Idoralararo ishchi guruhi tashkil etildi.
Suveren obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushadigan mablagʻlar sh.j. «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida arzon uy-joylar, avtoyoʻllar qurilishi (rekonstruksiya qilinishi, kapital ta’mirlanishi), ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari yaхshilanishi, shaharlar va qishloqlar, shuningdek boshqa infratuzilma ob’yektlari obodonlashtirilishini moliyalashtirish uchun avvalo mahalliy ijroiya hokimiyati organlariga yoʻnaltiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.07.2018 yildan kuchga kirdi.
[1] Suveren kredit reytingi – davlat oʻz moliyaviy majburiyatlarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi imkoniyatlarini baholash usuli. Yirik хalqaro reyting agentliklari: Moody’s, Standard & Poor's, Fitch Ratings tomonidan tuziladi.
[2] Suveren obligatsiya – tashqaridan qarz olish vositasida davlat byudjetini toʻldirish uchun emitentlangan, mamlakat hukumati tomonidan kafolatlangan qimmatli qogʻoz.