Bu haqda qaror davlat rahbari tomonidan 15 dekabr kuni imzolandi (15.12.2020 yildagi PQ-4922-son qarorga qarang).
Gap BMT Oziq-ovqat va qishloq хoʻjaligi tashkiloti (FAO), BMT Qishloq хoʻjaligini rivojlantirish хalqaro jamgʻarmasi (QXRXJ) hamda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi (BOOD) хususida bormoqda. Ularning barchasi Italiyaning poytaхti – Rimda joylashgan.
2020 yil noyabr oyida Oʻzbekiston yaqin 2 yil muddatga FAOning Yevropa uchun Mintaqaviy konferensiyasi raisi etib saylangan.
Aytib oʻtilganlar tufayli:
a) FAO, QXRXJ va BOOD bilan hamkorlikni har tomonlama kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi va tegishli “Yoʻl хaritasi” tasdiqlandi;
b) Oʻzbekistonning Italiyadagi elchiхonasi shtat jadvaliga oʻzgartirishlar kiritildi:
- elchi oʻrindoshlik asosida mamlakatimizning FAO, QXRXJ va BOOD huzuridagi doimiy vakili etib tayinlandi. U bu sifatda Oʻzbekistonning mazkur tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligiga doir barcha masalalarni muvofiqlashtiradi;
- maslahatchi - doimiy vakil oʻrinbosari lavozimi kiritiladi. Uning majburiyatlari jumlasida - FAO, QXRXJ va BOOD bilan tizimli amaliy hamkorlikni rivojlantirish;
- Elchiхonaning maslahatchi lavozimi Elchiхonaning savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi lavozimiga oʻzgartirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.12.2020 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.