Toshkent shahri hokimining 2015 yil 18 avgustdagi 752-son «Toshkent shahri dehqon bozorlarida yoz mavsumida tez buziladigan goʻsht va goʻsht mahsulotlarining savdosini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Qarori bilan sub mahsulotlarni (jigar, ichak, oshqozon, tuyoq, oʻpka, kallapochcha va hokazolar) har yili yoz mavsumida (iyun oyidan oktyabr oyiga qadar) sovutgich uskunlari bilan ta’minlanmagan pavilon va savdo rastalarida savdoga chiqarish taqiqlandi.
Ushbu taqiq oʻrnatilishi munosabati bilan tegishli tuzilmalarga va Toshkent shahrining tumanlari hokimlariga quyidagilar topshirildi:
tez buziladigan goʻsht sub mahsulotlari savdosini tartibga solish boʻyicha maхsus ishchi guruhlar tuzish;
tez buziladigan goʻsht sub mahsulotlari bilan belgilanmagan joylarda, shu jumladan bozorlar hududidan tashqari joylarda noqonuniy savdo qilish holatlarini oldini olish choralarini koʻrish;
goʻsht sub mahsulotlari dehqon bozorlari hududiga tozalangan holda savdoga chiqarilishini tashkil etish va nazoratga olish.
Shuningdek tegishli tuzilmalarga quyidagi umumiy topshiriqlar berildi:
dehqon bozorlari, ularning shahobchalari hamda ular hududida joylashgan barcha ob’yektlarda tizimli ravishda tozalash va dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirib borish;
dehqon bozorlari va ularning hududida faoliyat yuritayotgan ob’yektlarning ishchi-хizmatchilari hamda tadbirkorlarni belgilangan muddatlarda tibbiy koʻrikdan oʻtganligi, maхsus ish kiyimlari bilan ta’minlanganligi, mahsulotlarni saqlash va sotish qoidalariga rioya qilinishi, ish joylarini, sanitariya holatini talab darajasida boʻlishi ustidan nazorat oʻrnatish;
savdo rastalari oraliqlarida chiqindilarni yigʻish uchun maхsus chiqindi yigʻish qutilari oʻrnatgan holda, chiqindi yigʻish maydonchalarini tartibga keltirish va yigʻilgan chiqindilarni har kuni olib chiqib ketilishi tashkil etish;
dehqon bozorlari va shahobchalari hududida goʻsht, sut, parranda tuхumi, salat va qandolat mahsulotlari savdosi amalga oshiriladigan rastalarga sovutgich uskunalari oʻrnatish boʻyicha zaruriy choralarni koʻrish.
Qaror «Toshkent oqshomi» gazetasining 2015 yil 27 avgustdagi 176-177-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi. Shu tariqa, qaror goʻsht sub mahsulotlariga nisbatan 2016 yilning yoz mavsumidan (iyun-oktyabr) boshlab amal qiladi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.