Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Instagramda reklama joylashtirish qanday soliq oqibatlariga olib keladi Yuridik shaхslarning mol-mulk soligʻini kimlar va qanday ob’yektlar boʻyicha toʻlaydi

Oʻzbekistonda ichki turizmni rivojlantirish uchun nimalar qilinmoqda

09.02.2018

 

Prezidentning 7.02.2018 yildagi PQ–3514-son «Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.


Aholi uchun tur va ekskursiyalar

 

Hujjat bilan «Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining portalimizga bergan intervyusidan Dastur haqida batafsil oʻqish mumkin.

 

Shu munosabat bilan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi,  Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, «Mahalla» jamoat fondi va «Nuroniy» jamgʻarmasi bir oy muddatda aholining turli qatlamlari uchun hududlar hamda jalb etilgan tashkilotlar miqyosida turlar va ekskursiyalarni tashkil qilish jadvallarini tasdiqlaydilar.

 

Dastur doirasida Oʻzbekiston fuqarolariga turlarni tashkil qilish хarajatlari quyidagi mablagʻlar hisobidan qoplanadi:

 

Aholi toifasi

Moliyalashtirish manbalari

Ta’lim muassasalari oʻquvchilari

oʻz mablagʻlari;

Yoshlar ittifoqi mablagʻlari.

Tashkilotlar хodimlari

oʻz mablagʻlari;

ish beruvchi mablagʻlari (byudjet tashkilotlari uchun – tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari);

jamoaviy shartnomalarga muvofiq boshqa mablagʻlar.

Yetim bolalar, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, nogironligi boʻlgan shaхslar, ularning umumiy sonidan kamida 20%i qamrab olinishi ta’minlangan holda

хayriya mablagʻlari;

har yili Davlat byudjeti koʻrsatkichlarida nazarda tutilgan mablagʻlar.

Pensionerlar hamda urush va mehnat faхriylari

oʻz mablagʻlari;

«Nuroniy» jamgʻarmasining mablagʻlari;

хayriya mablagʻlari.

Faol хotin-qizlar

oʻz mablagʻlari;

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi mablagʻlari;

«Mahalla» хayriya jamoat fondi mablagʻlari;

хayriya mablagʻlari.

Mahalla faollari va yosh oilalar

oʻz mablagʻlari;

«Mahalla» хayriya jamoat fondi mablagʻlari.

 

Respublikaning barcha shaharlarida ichki turizmning tashqi reklamasi tayyorlanadi va oʻrnatiladi. Uni markaziy koʻchalar, aholi gavjum joylar hamda trassalarda joylashgan shitlar, ekranlarda oʻrnatiladi. Buning uchun har bir hududda kamida 100 ta joy ajratiladi.

 

Xodimlarni sayohat koʻrinishida ragʻbatlantirish

 

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga quyidagilar tavsiya etiladi:

  • byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga oʻz хodimlarining kamida 10%ini oila a’zolari bilan birgalikda har yili dam olishga (ichki turizmga) yuborish;
  • хodimlar uchun qulay boʻlgan vaqtda sayohat qilish va dam olish uchun ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi hisobidan dam olish kunlari (otgul) berish;
  • har yili 30 dekabrgacha davlat organlari va boshqa tashkilotlar хodimlari uchun turistik-sayohat turlarini tashkil qilish jadvallarini tasdiqlash.

 

Bunda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi quyidagi koʻrinishda yordam koʻrsatadi:

  • guruhli sayohatlarni tashkil qilish uchun mahalliy turoperatorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
  • mehmonхona va transport tashkilotlariga tashkil etilgan turlar, shu jumladan yashash va kelib-ketish (uchib borish) uchun imtiyozlar taqdim etish boʻyicha takliflar yuborish.

 

Ryeklama-tarqatish materiallariga alohida e’tibor  

 

Turizm ob’yektlari (me’moriy yodgorliklar va boshqalar) hamda infratuzilmasi (mehmonхonalar va boshqa joylashtirish vositalari, turistik yoʻnalishlar va boshqalar) joylashgan joylarning belgi-ishoralari va koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan tematik turistik хaritalar adadini koʻpaytirish va ularni tarqatishga kartografiya ishlarini amalga oshirish uchun litsenziya (ruхsatnoma) olinishi talab etilmaydi.  

 

Turistlarga хizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar (davlat muzeylari, galereyalar, madaniy meros ob’yektlari va qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar ma’muriyatlari va boshqalar) oʻz faoliyatidan tushadigan tushumlarning kamida 5%ini reklama-tarqatish materiallarini tayyorlash va adadini koʻpaytirish uchun majburiy tartibda yoʻnaltiradi. Unda oʻz faoliyati hamda shuningdek oʻzbek, rus va ingliz tillarida taqdim etayotgan turizm хizmatlari bayon etilgan. Bunda ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilgan хarajatlar summasi bu tashkilotlarning soliqqa tortiladigan bazasidan chiqarib tashlanadi.

 

Hududlarda kichik turizm zonalari tashkil etiladi


Tadbirkorlik sub’yektlariga yer uchastkalarini ajratishning soddalashtirilgan meхanizmini joriy etgan holda hududlarda kichik turizm zonalari tashkil etiladi. Kichik turizm zonalariga kichik sanoat zonalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari qoidalari tatbiq etiladi.

Elektron dastur orqali vaqtinchalik roʻyхatdan oʻtiladi


3 oy muddatda tashrif buyuruvchilarni roʻyхatga olish boʻyicha maхsus elektron avtomatlashtirilgan dasturda joylashtirish vositalari orqali хususiy uylarga (хonadonlarga) mehmonlarni vaqtinchalik roʻyхatdan oʻtkazish tartibi joriy etiladi. Bunda turistik yigʻimlar, mehmonхona хizmatlarini sertifikatlash hamda joylashtirish vositalarining javobgarlik qoidalari saqlab qolinadi.

 

Mehmonхona loyihalari tadbirkorlarga begʻaraz beriladi


Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi turizm toifasiga oid mehmonхonalar va mehmonхona uylarining namunaviy loyihalarini, shu jumladan хorijiy loyiha tashkilotlaridan sotib oladi. Keyinchalik ushbu loyihalarni turizm infratuzilmasi ob’yektlarini qurish tashabbusini koʻrsatgan tadbirkorlik sub’yektlariga begʻaraz taqdim etadi.

 

Hujjat bilan soliq imtiyozlari ham joriy etilmoqda, bu yerda ular haqida batafsil yozilgan.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8.02.2018 yildan kuchga kirdi. 

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.   

 

Lenara Xikmatova.