Prezident tomonidan 13 iyul kuni “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Qurbon hayitining birinchi kuni 20 iyulga (seshanbaga) toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, ushbu kun Qurbon hayiti bayrami etib e’lon qilindi.
Prezidentning 2021 yil 10 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF–6122-son Farmoniga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi PF–6222-son Farmoni bilan 21–22 iyul kunlari ham dam olish kunlari sifatida belgilangan.
Bunda quyidagi dam olish kunlari koʻchiriladi:
- shanba 17 iyuldan chorshanba 21 iyulga;
- shanba 24 iyuldan payshanba 22 iyulga.
Shu tariqa, Qurbon hayitini nishonlash 20 iyuldan 22 iyulga qadar - 3 kun davom etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayitini karantin talablariga amal qilgan holda хalqimizning milliy va diniy an’analariga mos ravishda oila davrasida oʻtkazish afzalligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirish topshirildi.