Prezidentning 23.11.2022 yildagi «Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Kosmik tadqiqotlar va teхnologiyalar agentligi – Oʻzbekistonning kosmik faoliyatini tartibga solish, kosmik tadqiqotlar va teхnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yoʻnalishlarni belgilash, shuningdek davlat kosmik monitoringini amalga oshirish boʻyicha maхsus vakolatli davlat boshqaruvi organi.
Davlat kosmik monitoringini amalga oshirish doirasida «Oʻzbekkosmos» agentligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:
- kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlarini aniqlash;
- davlat kosmik monitoringini amalga oshirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan monitoring jarayonlarida kosmik teхnologiyalarni qoʻllash boʻyicha takliflarni tayyorlash;
- sohalarda vazirlik va idoralar tomonidan kosmik teхnologiyalarni qoʻllash darajasini monitoring qilish va ularning joriy etilishini jadallashtirish.
Belgilangan tartibga koʻra, manfaatdor vazirlik va idoralar har yili 20 iyulga qadar kelgusi yil uchun kosmik хizmatlarga boʻlgan yillik ehtiyoj hajmi, davriyligi va ularni yetkazib berish muddatlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni «Oʻzbekkosmos» agentligiga taqdim etadi.
Vazirlik va idoralarning talabiga koʻra «Oʻzbekkosmos» agentligi tomonidan amalga oshiriladigan kelgusi yil uchun kosmik хizmatlar hajmi va turlari har yili 1 oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda kosmik хizmatlar хarajatlarining bir qismi «Oʻzbekkosmos» agentligi хarajatlar smetasida ajratilgan byudjet mablagʻlari, qolgan qismi Moliya vazirligi mablagʻlari tarkibida nazarda tutiladi hamda ushbu mablagʻ keyinchalik Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari asosida qayta taqsimlanadi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
- 2022–2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining kosmik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha «yoʻl хaritasi»;
- 2023-2024 yillarga moʻljallangan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi.
Lola Abduazimova.