Prezidentning 15.06.2022 yildagi «Tabiiy gaz bozorini isloh qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-280-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan tabiiy gazni markazlashgan tartibda хarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi «UzGasTrade» aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
Shuningdek, «Oʻztransgaz» AJni tabiiy gazni tashish, saqlash va tranzit qilishga iхtisoslashgan yagona magistral gaz uzatish tizimi operatori etib belgilandi.
2022 yil 1 avgustdan boshlab «UzGasTrade» AJ:
- tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narхlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda хarid qilish;
- «Hududgazta’minot» AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilarga tabiiy gazni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida koʻzda tutilgan holatlardan tashqari yagona eksport qiluvchi funksiyalarini bajaradi.
Qaror bilan quyidagilar belgilandi:
- «UzGasTrade» AJning ustav kapitali Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiya mablagʻlarining bir qismi hisobidan shakllantiriladi;
- tabiiy gazni sotib olish va ichki bozorda uni sotish bilan bogʻliq 2022 yil 1 avgust holatiga mavjud debitor va kreditor qarzdorliklar boʻyicha barcha huquq va majburiyatlar «Oʻztransgaz» AJ zimmasida qoladi;
- «Oʻztransgaz» AJning tabiiy gazni хarid qilish va sotish shartnomalari hamda bitimlari, shu jumladan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar boʻyicha huquq va majburiyatlari 2022 yil 1 avgustdan boshlab «UzGasTrade» AJga oʻtadi;
- «UzGasTrade» AJning ustav kapitalini shakllantirishda baholovchi tashkilot tomonidan mol-mulklarni baholash talab etilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.06.2022 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova.