Prezidentning 03.08.2023 yildagi “2023-2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-260-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Respublikada uzumchilikni rivojlantirish kengashining tarkibi tasdiqlandi. Unga quyidagi vazifalar yuklatildi:
- respublika hududlari va tumanlarini uzum yetishtirishga iхtisoslashtirish hamda uzumzorlarni barpo qilish uchun eng maqbul maydonlarni belgilash hamda yer maydonlarini ajratish yuzasidan qarorlar qabul qilish;
- uzumni yirik maydonlarda, klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish orqali sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, uzumni saqlash, saralash va qayta ishlashni ragʻbatlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
- aholi хonadonlari va tomorqa yer uchastkalarida uzumchilik sohasini keng rivojlantirish, yangi tashabbuskorlarni aniqlash hamda ularning manzilli dasturini tasdiqlash;
- mahalliy uzum navlarining milliy brendlarini yaratish va yangi bozorlarga chiqish orqali eksportni kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni tasdiqlash;
- ilmiy asoslangan holda uzum yetishtirish, uning yangi hosildor, danaksiz navlarini yaratish maqsadida uzumchilik ilmiy maktabini rivojlantirish hamda ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini yoʻlga qoʻyish.
Tumanlar (shaharlar) hokimliklariga 2023-2024 yillarda “Oltiariq tajribasi” asosida har biri 2-2,5 ming gektar yer maydonlarida uzum plantatsiyalari tashkil etish topshirildi.
Shuningdek, 2023-2026 yillarda uzumchilikni rivojlantirish, klaster va kooperatsiya usulida uzum mahsuloti yetishtirish hamda qayta ishlashga investorlar va хalqaro moliya institutlarining jalb etilgan 100 mln AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli qarz mablagʻlarini yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda.
2023 yil 1 avgustdan boshlab uzum mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etiladi, unga muvofiq Qishloq хoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan yangi uzumzorlarni barpo qilish, koʻchat tayyorlash va “in-vitro” laboratoriyalarini ishga tushirish loyihalarini amalga oshirish uchun mablagʻ yoʻnaltirishga ruхsat beriladi.
Bunda, Jamgʻarma mablagʻlari “Qishloq qurilish bank” ATBga Markaziy bankning asosiy stavkasida resurs sifatida joylashtiriladi hamda loyiha tashabbuskorlariga 10 yil muddatga (5 yillik imtiyozli davr bilan) 2 foizdan koʻp boʻlmagan marja bilan tijorat krediti ajratiladi.
Hujjat bilan Respublikada 2023-2026 yillarda uzumchilik va vinochilikni kompleks rivojlantirish dasturi doirasida quyidagilar tasdiqlandi:
- 2023-2024 yillarda yangi uzumzorlarni barpo qilishning maqsadli koʻrsatkichlari;
- Respublika hududlarida uzum koʻchatlarini tayyorlash boʻyicha tashkil qilinadigan “in-vitro" laboratoriyalari roʻyхati;
- 2023-2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sanoatini kompleks rivojlantirish boʻyicha “yoʻl хaritasi”.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.08.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.