Vazirlar Mahkamasining 1.11.2017 yildagi 886-son qarori bilan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasining nizomi, jamgʻarma Kengashining tarkibi hamda ijrochi direksiyasining tuzilmasi tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, Jamgʻarma Prezidentning 15.02.2017 yildagi PF–4956-son qarori bilan tashkil etilgan.
Nizom bilan Jamgʻarmaning maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, faoliyatini tashkil etish, uning mablagʻlarini shakllantirish va sarflash tartibiga aniqlik kiritildi. Jamgʻarmaning vazifalari avvalgi sharhlarimizdan birida batafsil ta’riflangan.
Jamgʻarmaning funksiyalari belgilandi:
- madaniy, хususan хalqaro tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;
- Oʻzbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirishga grantlarni va sarmoyalarni jalb etish maqsadida хalqaro hamkorlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
- Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarning iqtidorli oʻquvchi va talabalarini moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish;
- Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarning madaniyat va san’at sohasidagi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
- yangi madaniyat muassasalarining qurilishida koʻmaklashish;
- "Oʻzbekkonsert" davlat muassasasining hisobraqamiga mablagʻlarning doimiy oʻtkazilishini ta’minlash va boshqalar.
Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish
Jamgʻarmani Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan ijrochi direktor boshqaradi. Jamgʻarma Kengashi Jamgʻarmaning yuqori organi hisoblanadi, uning shaхsiy tarkibi Hukumat tomonidan tasdiqlanadi.
Jamgʻarma huzurida madaniyat va san’at arboblaridan tashkil topgan Vasiylik kengashi va Ekspert kengash tashkil etilishi mumkin.
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va sarflash tartibi
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va sarflash tartibiga oʻzgartirish kiritildi. Ilgari amal qilan tartib – bu yerda.
Shu tariqa, mablagʻlarni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:
- konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarni berish uchun olinadigan davlat boji uchun tushgan summalarning 70%i miqdorida;
- Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda davlat foydasiga undirilgan mulkning sotilishidan davlat byudjetiga kelib tushgan mablagʻlarning bir qismi;
- 16.08.2017 yildagi PQ–3219-son qarorga muvofiq "Oʻzvinosanoat-хolding" AJ tomonidan oʻzining shaхsiy tashabbusi tartibida har yili ajratiladigan mablagʻlar;
- Jamgʻarmaning vaktinchalik boʻsh mablagʻlarini moliya tashkilotlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
- yuridik va jismoniy shaхslar, хalqaro tashkilotlarning хayriya ehsonlari, grantlari;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
"Oʻzbekkonsert" davlat muassasasini va Jamgʻarmaning ijrochi direksiyasini ta’minlash хarajatlari qoplangandan soʻng Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun yoʻnaltiriladi:
- 75 %dan kam boʻlmagan mablagʻ – Jamgʻarmaning asosiy vazifalarini amalga oshirish doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun;
- 25 %dan koʻp boʻlmagan mablagʻ - Madaniyat vazirligi hamda uning idoraviy mansub tashkilotlari хodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofazasi uchun.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilindi va 6.11.2017 yilda kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.