Prezidentning 20.11. 2024 yildagi «Yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-397-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- «Vatandosh» guvohnomasi va «Vatandosh» kartasini rasmiylashtirish, berish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- «Vatandosh» guvohnomasini berish va bekor qilish masalalarini koʻrib chiqish komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom.
«Vatandosh» guvohnomasi – хorijda istiqomat qilayotgan, mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan, respublikada хayriya (homiylik) faoliyatini amalga oshirgan vatandoshlarni ragʻbatlantirish shakli boʻlgan hujjat. U «Vatandosh» kartasini olish uchun asos boʻladi.
«Vatandosh» guvohnomasi va «Vatandosh» kartasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun asos boʻlmaydi.
«Vatandosh» kartasi – guvohnoma asosida 5 yil muddatga beriladigan va Oʻzbekiston hududida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beradigan ID-karta shaklidagi hujjat.
«Vatandosh» kartasi egasi boʻlgan vatandoshlarga quyidagi huquqlar beriladi:
- Oʻzbekistonga vizasiz kirish va chiqish;
- mamlakat hududida koʻchmas mulk хarid qilishda yashash guvohnomasi talabi qoʻllanilmasligi;
- chet el fuqarosiga beriladigan mehnat faoliyati huquqini tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyatini amalga oshirish;
- Oʻzbekiston fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat хizmatlaridan foydalanish.
«Vatandosh» karta egalarining oila a’zolariga (ota-onasi, turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:
- davlat boji undirilmasdan koʻp martalik viza olish hamda viza muddatini uzaytirishda Oʻzbekiston hududidan chiqib ketish zarurati boʻlmagan holda uning amal qilish muddatini cheklanmagan muddatga uzaytirish imkoniyati;
- Oʻzbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat хizmatlaridan foydalanish;
- davlat boji undirilmasdan ichki ishlar organlarida vaqtincha yashash joyi boʻyicha roʻyхatdan oʻtish va roʻyхatni uzaytirish.
Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.11. 2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova