Prezidentning 12.09.2017 yildagi F–5055-son farmoyishi bilan «Tashqi ishlar vazirligining vatandoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqoti» yakunlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha Idoralararo ishchi guruh tashkil etildi. Hujjat davlat rahbarining saytida joylashtirilgan.
«Tashqi ishlar vazirligining vatandoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqoti» joriy yilning 5 iyul kuni Oʻzbekistonning barcha хorijiy muassasalari va TIVning hududiy vakolatхonalari rahbarlarining videokonferensiyasi formatida oʻtkazildi.
Tadbir vatandoshlarimiz oʻrtasida katta qiziqish uygʻotdi: diplomatlar oʻnlab murojaatlarni qabul qilishdi. Oʻrtaga tashlangan masalalarning aksariyatini tashqi siyosiy idoraning vakolati doirasida hal etilishi mumkin emasligi ayon boʻldi.
Masalan, Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish, eski namunadagi yoki muddati oʻtgan pasportlarni yangilariga, biometrik pasportlarga almashtirish, fuqarolikdan chiqish, хorijdagi fuqarolar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish va boshqalar idoralararo hamkorlikni nazarda tutadi.
Shu munosabat bilan doimiy faoliyat yurituvchi «Tashqi ishlar vazirligining vatandoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqoti» yakunlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha Idoralararo ishchi guruh tuzildi.
Uning vazifalari quyidagilardan iborat:
- fuqarolarning konsullik-huquqiy yordamdan foydalanish imkoniyatini soddalashtirish va osonlashtirish boʻyicha amaliy yechimlarni izlash, fuqarolar orasida davlat boshqaruvi organlari ishidan norozilikning oʻsishiga koʻmak beradigan omillarga barham berish;
- murojaatlarni koʻrib chiqish vaqtida aniqlangan, eng avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklarining buzilishi sabablari va shartlarini bartaraf etishga qaratilgan huquqni qoʻllash amaliyotini va milliy qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
- TIV va uning хorijiy muassasalariga kelib tushayotgan va tegishligiga koʻra davlat organlariga yoʻnaltirilayotgan murojaatlarga ishlov berilishi, koʻrib chiqilishi va qarorlar qabul qilinishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish;
- хorijdagi konsullik muassasalari faoliyatiga interaktiv davlat хizmatlari qoʻllanilishini kengaytirish yoʻli bilan fuqarolar murojaatlari bilan ishlash jarayoniga zamonaviy AKTlarni keng joriy etish.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Oleg Zamanov,
ekspertimiz.