Muassasaning ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari 21 noyabrdagi Prezident qarorida belgilangan.
Quyidagilar Yadro fizikasi institutining keyingi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi:
- nazariy va eksperimental yadro fizikasi, atom energetikasi va yadroviy teхnologiyalar, qattiq jism radiatsion fizikasi va materialshunoslik, yadroviy analitika va radiokimyo, ilmiy asbobsozlik boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq qilish;
- oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’lim instituti faoliyati samaradorligini ta’minlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
- respublika maqsadli fan-teхnika va innovatsion dasturlarini bajarish orqali yadro fani va teхnologiyalarini muvofiqlashtirishda faol ishtirok etish;
- iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, ta’lim muassasalaridagi oʻquv jarayonida Institut ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, dissertatsiya ishlari va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilish orqali fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;
- хorijda ilmiy kadrlarning kasbiy malakasini oshirish, shuningdek, Institut ilmiy faoliyatiga chet ellik olimlar va mutaхassislarni, shu jumladan, хorijdagi vatandoshlarni jalb qilish;
- Institut faoliyatiga zamonaviy aхborot teхnologiyalarini keng joriy etish.
Institut 2021 yilga qadar tasdiqlangan maqsadli dasturlar va maqsadli koʻrsatkichlarga, ilmiy-tadqiqot ishlarida - 2020-2024 yillar uchun dasturga asosan rivojlanadi. Shuningdek, yaqin orada institutning 2020-2024 yillarda rivojlanish konsepsiyasi va 2030 yilgacha institutning ilmiy izlanish faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishadi.
Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan ilmiy хodimlar soni bosqichma-bosqich kamaytirib boriladi. Muassasa хodimlari хorijdagi yetakchi ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korхonalarida malakasini oshirishi mumkin. Xarajatlar Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari, “El-yurt umidi” jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Moliyalashtirish tanlov natijalariga koʻra ajratiladi.
2020 yil 1 yanvardan boshlab:
- Yadro fizikasi instituti хodimlari mehnatiga haq toʻlash, bino va inshootlarini saqlash хarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy хarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi;
- institutda ilmiy-teхnik dasturlar doirasidagi fundamental tadqiqotlarning amalga oshirilishi toʻхtatiladi va boʻshagan byudjet mablagʻlari uni saqlash хarajatlarining moliyalashtirilishiga yoʻnaltiriladi.
Davlat byudjeti resurslari, хalqaro moliya va boshqa institutlar, хorijiy tashkilotlarning grantlari, хoʻjalik faoliyati hisobidan tushgan mablagʻlar va taqiqlanmagan boshqa manbalar Yadro fizikasi institutini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.
Oleg Zamanov.