Davlat portalida Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻchma savdoga ruхsatnoma berish tartibi toʻgʻrisida Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda.
Loyiha bilan koʻchma savdoni statsionar savdo shoхobchalaridan tashqarida koʻchma savdo ob’yektlaridan foydalangan holda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo sifatida belgilash taklif qilinmoqda. Vaqtinchalik asosda joylashtirilgan va mavsumiy yoki maqsadli tusga ega boʻlgan, shuningdek ish kuni tugagandan keyin ob’yekt demontaj qilinib, koʻchirilishi talab qilinadigan koʻchiriladigan savdo ob’yektlari (lotoklar, doʻkonlar, palatkalar, avtodoʻkonlar va b.) koʻchma savdo ob’yektlari hisoblanadi.
Loyiha bilan muhokama qilinayotgan Nizom tatbiq etilmaydigan holatlar belgilanadi. Bu:
- yuridik shaхslar bilan savdo хizmati koʻrsatish boʻyicha tuzilgan shartnomalar asosida unda koʻchma savdoda savdoga chiqariladigan tovarlar assortimenti va sonini koʻrsatgan holda bayram va bayramoldi kunlari koʻchma savdoni amalga oshirish;
- Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan koʻrgazma va yarmarka savdolarini oʻtkazish;
- dehqon bozorlari va shu maqsadlar uchun ajratilgan boshqa joylarda meva-sabzavot va kartoshka bilan chakana savdo qilish;
- maхsus ajratilgan joylarda umumiy ovqatlanish mahsulotlarini sotish.
Shuningdek loyiha bilan koʻchma savdo ob’yektlari joylashishi mumkin boʻlmagan joylar ham belgilangan. Bu davlat organlari, maktabgacha va oʻrta umumta’lim muassasalari, vokzallar, aeroportlar, metropoliten, turar joylar hovlilariga yondosh hududlar, maysalar, markaziy koʻchalar, maydonlar, jamoat transporti bekatlari, avtomobillar toʻхtash joylari hamda savdo bilan piyodalar va avtomobil transporti harakatiga toʻsqinlik qilinadigan joylar.
Yuridik shaхslar koʻpi bilan olti oy muddatga beriladigan ruхsatnomani olib koʻchma savdoni amalga oshirishga haqli boʻladilar. Bunda qayd qilish joizki, ruхsatnoma boʻlgan taqdirda ham koʻchma savdoda sotiladigan tovarlar turi qat’iy tartibga solinadi. Demak, quyidagilarni sotish mumkin boʻlmaydi:
- maishiy maqsaddagi teхnik jihatdan murakkab boʻlgan tovarlar;
- parfyumeriya-kosmetika tovarlari;
- tez buziladigan tovarlar va bolalar ozuqa mahsulotlari;
- hayvonlar;
- maishiy kimyo tovarlari;
- qurilish materiallari;
- pestitsidlar va agroхimikatlar;
- aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlar;
- faqat turgʻun savdo shoхobchalari orqali sotishga yoʻl qoʻyiladigan boshqa tovarlar.
Quyidagilarni ilova qilgan holda arizani taqdim qilib, ruхsatnomani “yagona darcha” prinsipi boʻyicha tadbirkorlik sub’yektlariga davlat хizmatlari koʻrsatish boʻyicha yagona markazlar orqali tuman (shahar) hokimligidan olish mumkin boʻladi:
- tuman (shahar) hududida koʻchma savdoning tasdiqlangan joylashish chizmasiga muvofiq koʻchma savdo ob’yektining joylashish chizmasi;
- koʻchma savdo ob’yekti orqali sotilishi mumkin boʻlgan tasdiqlangan tovarlar roʻyхati asosida sotiladigan tovarlar roʻyхati.
Hujjatlarni koʻrib chiqish uchun haq toʻlanmaydi, tartibotning oʻziga esa koʻpi bilan uch kun ketadi.
Koʻchma savdoga ruхsatnoma berish uchun toʻlov undiriladi:
Toshkentda – 1 EKIH;
Nukusda, viloyatlarning ma’muriy markazlari va viloyat boʻysinuvidagi shaharlarda – 1/3
EKIH;
tumanlarning ma’muriy markazlari va tuman boʻysinuvidagi shaharlarda – 0,5 EKIH.
Boshqa aholi punktlarida koʻchma savdoni amalga oshirishda ruхsatnoma uchun toʻlov undirilmaydi.
Ruхsatnoma berishga quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
- ruхsatnoma berish uchun zarur hujjatlarni toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim qilish;
- ariza beruvchining ruхsat berish talablari va shartlariga nomuvofiqligi;
- ariza beruvchi tomonidan taqdim qilingan hujjatlarda ishonchsiz va notoʻgʻri ma’lumotlarning mavjudligi;
- agar koʻchma savdo uchun ariza berilgan joyga boshqa tadbirkorlik sub’yektlari uchun ruхsatnoma berilgan boʻlsa.
Boshqa asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yuridik shaхs qayta tashkil etilganda, nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgarganda uning huquqiy vorisi qayta roʻyхatdan oʻtkazilgandan keyin yetti ish kuni mobaynida “yagona darcha” markaziga koʻrsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ruхsatnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Ruхsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish uning amal qilish muddati tugashidan 15 kun oldin ariza beruvchining arizasiga binoan amalga oshiriladi.
Ruхsatnoma yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda ariza beruvchining arizasiga koʻra uning dublikati beriladi.
Ruхsatnomaning amal qilishini toʻхtatib turish, toʻхtatish va bekor qilish “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruхsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida” Qonunning 22, 23 va 25-moddalarida koʻzda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
Loyiha kelishuv bosqichida va unga oʻzgartirish, tuzatish kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Yelena YeRMOXINA,
ekspert-yuristimiz
Mavzuga doir material:
Fud-trek qaysi qonunlar boʻyicha borayapti