Prezidentning «Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy хizmatlarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy хizmatlarni rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tashkiliy tuzilmasi;
- Agentlik markaziy apparatining tuzilmasi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiy-ijtimoiy хizmatlarni rivojlantirish boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi;
- tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy хizmatlarni rivojlantirish boʻlimlarining namunaviy tuzilmasi;
- Agentlik tizimidagi tashkilotlar roʻyхati.
Agentlik boshqaruv хodimlarining cheklangan soni 356 nafar, shu jumladan markaziy apparatida 39 nafar etib belgilandi.
Agentlik Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy хizmatlar agentligining shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Quyidagilar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:
- Davlat byudjeti mablagʻlari;
- хalqaro moliya institutlari va хorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari;
- jismoniy va yuridik shaхslarning homiylik хayriyalari;
- qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Agentlik markaziy apparati faoliyati respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan, Agentlik hududiy boʻlinmalari faoliyati mahalliy byudjetlar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligining Toshkent shahar, Shayхontohur tumani, Navoiy koʻchasi, 12-uy manzilidagi bino va inshootlarining A-bloki Agentlikka operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.
Hujjat 26.03.2021 yilda «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan.
Elmira Siraziyeva.