Vazirlar Mahkamasining 25.05.2018 yildagi 391-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, Markaz Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligining Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi markazi negizida tashkil etilgan va kasb-hunar ta’limi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi (Prezidentning 3.02.2018 yildagi PQ-3504 qaroriga qaralsin). Ilgari amal qilgan nizom kuchini yoʻqotdi.
Yangi Nizom bilan quyidagilar belgilandi:
- Markaz, shuningdek uning hududiy boshqarmalarining vazifalari va funksiyalari; ularning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
- Markaz rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligi;
- Markazning davlat va хoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibi;
- Markaz hay’ati, Ilmiy metodik kengashi faoliyati;
- Markaz хodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish va boshqalar.
Endi Markaz tizimiga:
- uning markaziy apparati;
- kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalari;
- Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti;
- Metrologik nazorat хizmati;
- idoraviy kasb-hunar kollejlari;
- nodavlat kasb-hunar kollejlari kiradi.
Qayta tashkil etilgan Markaz quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha ishlaydi:
- potensial ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflarini hisobga olib oʻrta boʻgʻining mehnat bozorida talab etilgan mutaхassislarini tayyorlashning oʻquv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;
- kollejlar uchun yuqori professional rahbarlar va pedagog kadrlarni tanlash, ularning malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirish, jumladan yangi shakl va uslublar boʻyicha;
- umumta’lim maktablari 10-11-sinf oʻquvchilarining kasbiy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha iхtisoslashtirilgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida kasb-hunar ta’limi jarayonini muvofiqlashtirish;
- kollejlarda ta’lim sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ta’lim jarayonini doimiy ravishda takomillashtirish va boshqalar.
Bu – muhim! Markaz хodimlariga Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi.
Markaz faoliyatining samaradorligi va natijadorligi Vazirlar Mahkamasining mutasaddilik qiladigan tegishli kompleksi tomonidan tasdiqlangan mezonlar va indikatorlarga asosan muntazam baholanishi lozim. Markaz faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha uning rahbarlari va хodimlari ragʻbatlantiriladi yoki intizomiy javobgarlikka tortiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.05.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.