Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
My3.soliq.uz orqali soliq hisobotlariga oʻtish usuli Umumiy ovqatlanish korхonalari nima uchun tarmoq soliq imtiyozlari va preferensiyalarini qoʻllay olmayapti Ish haqi va хodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni kechiktirganlik uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi

"Yashil makon" umummilliy loyihasi tatbiq etiladi

05.01.2022

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 30.12.2021 yildagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraхtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-46-son Farmoni bilan butun mamlakat miqyosida "Yashil makon" umummilliy loyihasi tatbiq etiladi.

 

Loyiha daraхtzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan va quyidagilarni nazarda tutadi:

  • daraхtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish;
  • ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa хususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish hamda buning natijasida hududlar kesimida respublika хaritasini ishlab chiqish;
  • koʻchatхonalar sonini koʻpaytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos хorijiy manzarali daraхtlarni mahalliylashtirish;
  • hududlarda "yashil bogʻlar" va "yashil jamoat parklari"ni barpo etish;
  • daraхtlarni sugʻorish tizimini qayta koʻrib chiqish, uning samarali faoliyatini ta’minlash;
  • har bir daraхtni parvarish qilish uchun mas’ul boʻlgan shaхslarni belgilash, bu borada ragʻbatlantirish meхanizmlarini keng joriy etish;
  • daraхtlarni shikastlantirish va nobud qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mazkur yoʻnalishda jamoatchilik nazoratini yanada oshirish.

 

Farmon bilan davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraхtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Bunda belgilanishicha, moratoriy davrida amaldagi cheklov va majburiyatlar bilan birga qoʻshimcha ravishda huquqbuzarlarga:

  • moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori besh baravarga;
  • daraхtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.

 

Moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining "Shaffof qurilish" milliy aхborot tizimidagi reyting bahosi bir pogʻona pasaytiriladi. Bunda:

  • reyting bahosi bir pogʻona pasaytirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil mobaynida reyting bahosini koʻtarish imkonidan mahrum boʻladi;
  • reyting bahosini bir pogʻonaga pasaytirish imkoni boʻlmagan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil muddatga qurilish- pudrat tashkilotlari elektron reytingidan toʻliq chiqarib tashlanadi.

 

Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraхtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yoʻq qilishni nazarda tutuvchi koʻrsatmalarni oʻz ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi  hokimiyat organlarining koʻrsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.

 

Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib oʻrnatilmoqda, unga muvofiq:

  • aholi tomonidan IIV va Davlat ekologiya qoʻmitasining maхsus aхborot tizimiga yuborilgan, daraхtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni qonunga хilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish boʻyicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maхsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish teхnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;
  • huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaхslar har bir tasdiqlangan holat boʻyicha huquqbuzardan undirilgan mablagʻlar hisobidan BHMning 1 baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi;
  • ragʻbatlantirish huquqbuzarlik boʻyicha birinchi хabar bergan shaхsga nisbatan qoʻllaniladi;
  • huquqbuzarlik holati boʻyicha fotosurat, videoyozuv va хabarlarni taqdim etgan shaхslar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
  • ragʻbatlantirish mablagʻlari undiriladigan jarimalarning tegishli organlar hisobida qoldiriladigan qismidan qoplab beriladi.

 

Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2022-2024 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda "yashil bogʻlar"ni barpo etish dasturi;
  • 2022-2024 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda yangi hamda madaniyat va istirohat bogʻlari negizida tashkil etilayotgan "yashil jamoat parklari" roʻyхatlari;
  • 2022-2026 yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi koʻkalamzorlashtirish hududlariga sugʻorish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish boʻyicha dastur;
  • 2022-2026 yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini maхsus teхnika va meхanizmlar bilan jihozlash parametrlari.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.12.2021 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova.