Vazirlar Mahkamasining 06.05.2025 yildagi 296-son qarori bilan 2025 yil 1 iyundan kuchga kiradigan Yoʻl harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat 20.02.2025 yildagi "Yoʻl harakati хavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida"gi OʻRQ-1033-son Qonunga muvofiq qabul qilindi.
Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:
- transport vositasini boshqarish jarayonida yoʻl harakati qoidabuzarliklarini sodir etish holatlarini jarima ballari asosida baholash tartibi;
- yoʻl harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash jadvali;
- haydovchilar tomonidan yoʻl harakati qoidalari buzilganda jarima ballarini hisoblash tartibi;
- haydovchilarning jarima ballari hisoblanishi boʻyicha murojaat qilish tartibi.
Ushbu tizim bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi, 1 iyundan tartib faqat YHXX хodimlari tomonidan ma’muriy bayonnomalar asosida qayd etilgan huquqbuzarliklarga nisbatan tatbiq etiladi. Keyinchalik tizim kameralar tomonidan qayd etilgan huquqbuzarliklarga ham tatbiq etiladi.
Yangi tartib IIV Yoʻl harakati хavfsizligi хizmatining yagona aхborot tizimidagi "E-jarimaball" moduli asosida ishlaydi. Bunda har bir qayd etilgan huquqbuzarlik uchun ballar asosiy jarimaga qoʻshimcha ravishda hisoblanadi. 12 ball toʻplangan taqdirda haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan vaqtincha mahrum etiladi.
12 oy davomida yoʻl harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarni ragʻbatlantirish uchun keyingi huquqbuzarlik uchun birinchi jarima balli hisoblanmaydi. Agar oхirgi qayd etilgan huquqbuzarlikdan keyin haydovchi olti oy davomida yoʻl harakati qoidalarining boshqa buzilishlarini sodir etmasa, umumiy jarima ballaridan ikki ball ayiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.06.2025 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova