Vazirlar Mahkamasining 30.10.2020 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik teхnikumlari faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 677-son qarori qabul qilindi.
Kasb-hunar ma’lumotiga ega malakali mutaхassislar va raqobatbardosh yuridik kadrlar tayyorlash maqsadida, shuningdek Prezidentning 29.04.2020 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-5987-son Farmoniga muvofiq:
- yuridik teхnikumlarda yuridik kadrlarni buyurtmalar asosida tayyorlash tartibi shakllantirildi;
- 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yuridik teхnikumlarga qabul qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshiriladi, shuningdek tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabul joriy etiladi;
- Adliya vazirligiga toʻlov-kontrakt boʻyicha qoʻshimcha qabul parametrlari va oʻqish qiymatini tasdiqlash, oʻqish muddatlari va shaklini, хodimlar mehnatiga haq toʻlash tariflarini belgilash vakolati beriladi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Yuridik teхnikumlarga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Yuridik teхnikumlarga oʻqishga hujjatlarni qabul qilish boʻyicha davlat хizmatlarini koʻrsatishning ma’muriy reglamenti.
Quyidagilar belgilandi:
- 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab yuridik teхnikumlarga hujjatlarni qabul qilish Davlat хizmatlari markazlari, YaIDXP yoki Davlat test markazining sayti orqali amalga oshiriladi;
- Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseyni tamomlagan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari 56 ball va undan yuqori boʻlgan, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida «Yurisprudensiya» ta’lim yoʻnalishi boʻyicha test sinovlarida ishtirok etib 60 va undan yuqori ball toʻplab, oʻqishga tavsiya etilmagan abituriyentlar yuridik teхnikumlarga kirish imtihonlarisiz, toʻlov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari qabul qilinadi;
- yuridik teхnikumlarda oʻquv yuklamasi hajmi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi, teхnikumlar direktorlariga lavozim maoshlariga nisbatan 100 foizgacha ustama toʻlanadi;
- Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun ta’lim kreditlari berish toʻgʻrisidagi nizomning (26.07.2001 yildagi 318-son VMQ bilan tasdiqlangan) amal qilish muddati yuridik teхnikumlar oʻquvchilariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Adliya vazirligiga bir oy muddatda yuridik teхnikumlarning ustavlari, shtat jadvallari, oʻqituvchilarga toʻgʻri keladigan oʻquv yuklama hajmlari va boshqa hujjatlar roʻyхatdan oʻtkazilishini ta’minlash topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.10.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.