18.04.2025 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1059-son Qonun qabul qilindi.
2024 yil 1 sentyabrdan 2027 yil 1 sentyabrgacha "Hunarmand" uyushmasining a’zolariga belgilangan soliq imtiyozlari zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan va "Oʻzbekzargarsanoati" uyushmasining a’zolari boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan va "Oʻzbekzargarsanoati" uyushmasining a’zolari boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlarining ishlab chiqarishda foydalaniladigan koʻchmas mulk ob’yektlari hamda yer uchastkalari mol-mulk soligʻidan va yer soligʻidan ozod etiladi.
Affinaj korхonalari qoʻshimcha ruхsatnomalarsiz quyidagi huquqlarga ega:
- zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni qulay shakllar va hajmlarga keltirgan holda realizatsiya qilish;
- qimmatbaho metallardan suvenir tangalarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish.
Bundan tashqari, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar oʻzlari qimmatbaho metallardan yasagan zargarlik buyumlarining yarim tayyor mahsulotlarini boshqa zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilish huquqiga ega. Yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish qiymati zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining ertalabki fiksingi bahosidan va Markaziy bankning hisob-kitob amalga oshirilayotgan kundagi kursidan kam boʻlmagan miqdorda mustaqil ravishda belgilanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.04.2025 yildan kuchga kirdi.