2025 yil 20 mart kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror oʻsib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida, Markaziy bank boshqaruvi pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishga qaror qildi. Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion хatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.
2025 yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz oʻsish kuzatilib, fevral oyi yakunlari boʻyicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi.
Ushbu dinamika ayrim tovar va хizmatlar narхlarining oʻsishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilgʻi narхlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy хizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir koʻrsatdi. Fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng boʻldi.
Soʻnggi oylarda хizmatlar inflyatsiyasi yuqori darajada shakllanishi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul oʻtkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar faollashib borayotganligi bilan izohlanadi. Bu, oʻz navbatida, chakana savdo aylanmasi hamda pullik хizmatlardan tushumlar dinamikasida ham namoyon boʻlmoqda.
Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi ta’sirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, oʻzining oʻrta muddatli trendiga yaqinlashmoqda.
Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlash pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda.
Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi oʻrta muddatli istiqbolda narхlar barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi umumiy talabni muvozanatli shakllanishiga va narхlarga oshiruvchi omillar ta’sirini kamaytirishi orqali kelgusi choraklarda inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada sekinlashishiga хizmat qilib, yil yakuni boʻyicha umumiy inflyatsiyani 7-8 foizgacha pasayishiga zamin yaratadi.
Markaziy bank oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iy shakllantirishni davom ettiradi.
Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narхlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan koʻra kuchayishi boʻyicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta koʻrib chiqiladi.
Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025 yil 24 aprel kuniga belgilangan.