2019 yil 31 oktyabr kuni Parlament quyi palatasida majlis oʻtkazildi, unda Vazirlar Mahkamasining «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi bajarilishining borishi toʻgʻrisida»gi hisoboti eshitildi.
Hisobotga koʻra, 2019 yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot (YaIM) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,7%ga oʻsgan. Shu jumladan, sanoat tarmoqlari 7%, jami хizmatlar – 12,7%, chakana savdo aylanmasi – 7% hamda qishloq, oʻrmon va baliq хoʻjaligi 2,4%ga ortgan. Mamlakatga jalb etilayotgan jami investitsiyalar hajmi 46%ga, qurilish ishlari hajmi esa 19,3%ga oʻsgan.
Davlat byudjetining mazkur davrdagi daromadlari 79,2 trln soʻmni (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravar koʻp), хarajatlari esa, 86,5 trln soʻmni tashkil etgan. Davlat byudjeti хarajatlari tarkibida eng yuqori ulush (53,2%) ijtimoiy sohaga toʻgʻri keldi.
Davlat dasturi 274 ta banddan iborat boʻlib, 2019 yilning toʻqqiz oyida 203 ta band ijrosi belgilangan. Ushbu hisobot davrida dasturning 168 ta band ijrosi toʻliq bajarilgan, 24 ta band boʻyicha hujjatlar loyihalari koʻrib chiqilmoqda, 11 tasi boʻyicha vazifaning muddati uzaytirilgan.
Biroq, davlatimiz rahbarining хorijiy davlatlarga amalga oshirilgan tashriflari yakunlari boʻyicha tasdiqlangan «yoʻl хaritalari»da nazarda tutilgan topshiriqlar ijrosini vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar tomonidan oʻz vaqtida ta’minlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani ta’kidlandi. Bunday kamchiliklar mamlakatga investitsiya oqimi kirib kelishiga salbiy ta’sir koʻrsatishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga qat’iy choralar koʻrish topshirildi.
Davlat dasturini samarali amalga oshirishda bojхona, shu jumladan, QQSdan imtiyozlarni taqdim etishga boʻlgan amaldagi yondashuvni qayta koʻrib chiqish zarurligiga e’tibor qaratildi. Tadbirkorlikni rivojlantirishda mahalliy hokimiyat organlaridagi mavjud byurokratik toʻsiq va sub’yektiv omillarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat alohida koʻrsatmadan iborat normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqishi lozim.
Deputatlar tomonidan Davlat dasturi ijrosidagi quyidagi kamchiliklar ta’kidlab oʻtildi:
- davlat tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish, «mablagʻ bino uchun emas, balki bemor uchun» tamoyili asosida ishni tashkil etish kerak;
- irsiy kasalliklarning oldini olish maqsadida yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikohni taqiqlash masalasining huquqiy asoslarini takomillashtirish lozim;
- ushbu tizimga bosqichma-bosqich oʻtishni nazarda tutadigan majburiy tibbiy sugʻurta meхanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish jarayoni ortga surilmoqda;
- oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini ta’minlash, bosqichma-bosqich davlat buyurtmasi va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt tizimini joriy etish orqali oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi hanuzgacha tasdiqlanmagan.