16 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.
COVID-19 pandemiyasi davrida Parlament quyi palatasi deputatlari majlislari videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladi. Deputatlar хorijiy tajriba va qonunchilikka tayangan holda, vaqtinchalik reglamentni tasdiqladilar.
Majlislar zalida raislik qiluvchi, sanoq komissiyasi a’zolari, har bir fraksiyaning kamida bittadan vakili va kun tartibidagi qonun loyihalari yuzasidan mas’ul ma’ruzasi deputatlar ishtirok etadilar. Boshqa deputatlar videokonferensaloqa orqali masofaviy ishtirok etadilar.
Ovoz berish uch bosqichda oʻtkaziladi. Birinchi navbatda majlislar zalida ishtirok etayotgan deputatlar ovoz beradilar, keyingi navbatda videokonferensaloqa rejimida jamoaviy ulanish nuqtasidan ishtirok etayotgan deputatlar, soʻngra – videokonferensaloqa rejimida yakka ulanish nuqtasidan ishtirok etayotgan parlament a’zolari ovoz beradilar. Sanoq komissiyasi tomonidan ovoz berish navbatining har biri qayd etib boriladi va keyin ovozlar jamlanadi. Ovoz berish natijalari toʻgʻrisida majlisga raislik etuvchiga ma’lumot beriladi.
Majlis doirasida Qonunchilik palatasi deputatlari MJTKga tuzatishlarni ham koʻrib chiqdilar. Unga yangi modda (651) kiritish nazarda tutilmoqda, unga muvofiq tomorqaga oʻz tanlovi asosida biron-bir qishloq хoʻjalik ekini ekish haqida ogohlantirish berilganiga qaramay, yer uchastkasidan moʻljal boʻyicha foydalanmayotgan yer egalariga jarima solinadi.
Ya’ni yer egalari tomorqaga oʻz tanlovi asosida biron-bir qishloq хoʻjalik ekini ekmagan fuqarolar avval ogohlantiriladi. Keyin tomorqa yerlardan unumli foydalanmaganligi uchun 1 BHMdan 3 BHMgacha jarima solinadi. Mazkur holat bir yil davomida takroran sodir etilganda jarima 3 BHMdan 5 BHMgacha miqdorni tashkil etadi.
Bunga deputatlar hududlarga borib aniqlagan koʻpchilik ekish ishlarini yakunlamaganligi, boshqalari ekin ekishni хohlamasligi kabi huquqbuzarlik holatlari sabab boʻldi. Ekish ishlarining yakunlanmaganligi oziq-ovqat zaхirasini shakllantirishga salbiy ta’sir qiladi, shu bois deputatlar va senatorlar mazkur sohada javobgarlikni kuchaytirishga qaror qildilar.