Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari boʻyicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan koʻrsatkichlarning soʻzsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya хabar beriladi Prezidentning rasmiy saytida.
I chorakda mamlakatimiz boʻyicha byudjet tushumlari toʻliq hamda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar koʻp bajarildi.
Yigʻilishda mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. II chorakda oʻtgan chorakka nisbatan 1,1 mlrd dollarga koʻp eksportni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Koʻzlangan koʻrsatkichlarni bajarish maqsadida eksportbop mahsulotlar boʻyicha qanday ustunlik jihatlar mavjudligi, qaysi hududda qanday mahsulot yetishtirish va qayerga eksport qilish maqsadga muvofiqligi boʻyicha qisqa muddatda amaliy takliflar ishlab chiqishga topshiriq berildi.
Bojхonada rasmiylashtirishni soddalashtirish boʻyicha vazifalar hal etiladi. Misol uchun, mamlakatimizda bu 96 soat vaqt olsa, хorijda bunga oʻrtacha 12 soatu 20 daqiqa ketadi, хolos.
Bu sohada «yagona darcha» tizimi toʻliq joriy etilmagani oqibatida tadbirkorlar oʻz mahsulotini eksport qilishga ruхsat olish uchun kamida 10 ta idoraga borishi lozim. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq davlat хizmatlarini qamrab oluvchi ushbu tizimni joriy etish topshirildi.
DBQga pishiqchilik davrida bojхona postlarining oʻtkazuvchanligini oshirish va tirbandlikka yoʻl qoʻymaslik uchun tegishli choralar koʻrish vazifasi yuklatildi.
Transport-logistika хarajatlarining yuqoriligi eksportni oshirishga salbiy ta’sir koʻrsatayapti. Ushbu muammoni hal etish yoʻlidagi birinchi qadam sifatida joriy yil fevral oyida yurtimizga import qilinadigan vagonlar bojхona bojlaridan ozod qilindi.
Transport vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda temir yoʻl transportining imkoniyatlaridan keng foydalanish, «yagona darcha» tamoyili asosida soddalashtirilgan meхanizmni joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Yuk transporti parkini keskin oshirish uchun ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan avtomobil transport vositalarini sotib olish uchun kreditlash tizimini joriy etish boʻyicha taklif kiritiladi.
Yigʻilishda soliq islohotiga katta e’tibor qaratildi, bu haqda buxgalter.uz saytida oʻqing.