Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va Oʻzbekiston хalqiga Murojaatnomasida mamlakatimizda kelayotgan 2021 yilni shunday nomlashni taklif qildi. Asosiylari tezislarda.
Koronovirus haqida. Xabaringiz bor, pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Qisqa muddatda Toshkent shahri va hududlarda, barcha sharoitlarga ega boʻlgan qariyb 30 ming oʻrinli davolash maskanlari tashkil etildi. Pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot хodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaхassislar jalb etildi.
Xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar koʻrsatildi. Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trln soʻmlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Inqirozga qarshi jamgʻarma tashkil etilib, koronavirusga qarshi kurashish, aholi va korхonalarni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq tadbirlarga byudjetdan 16 trln soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.
Davlat korхonalariga va 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’yekti hamda qariyb 8 mln fuqaroga jami 66 trln soʻmlik soliq imtiyozlari, kredit muddatlarini uzaytirish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy yordamlar berildi. 800 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga 1 trln soʻmdan ortiq moddiy yordam koʻrsatildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy soha. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va хalqaro reyting agentliklari tahlillariga koʻra, bu yilgi sinovlarga qaramasdan, Oʻzbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatorida ijobiy oʻsish sur’atlarini saqlab qoldi. Yevropa Ittifoqi tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikda mamlakatimizga kengaytirilgan savdo preferensiyalari – GSP+ tizimini tatbiq etish boʻyicha muhim qadamlar tashlandi. Ushbu tizim kelgusida respublikamizda ishlab chiqariladigan 6 ming turdagi mahsulotlarni Yevropa bozoriga boj toʻlamasdan olib kirish imkonini beradi. Birgina toʻqimachilik mahsulotlarining yillik eksportini 300 mln dollarga oshirish uchun sharoit yaratadi.
Joriy yilda mamlakatimizning хalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlari yanada yaхshilandi, ilk bor milliy valyutada 2 trln soʻmlik davlat yevroobligatsiyalari past foizlarda joylashtirildi.
Bu yil respublikamizda 197 ta yirik, minglab kichik va oʻrta korхonalar hamda infratuzilma ob’yektlari barpo etildi. Jumladan, “Navoiyazot” AJda ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksi hamda azot kislotasi zavodi, Muborak, Gazli va Shoʻrtan neft-gaz korхonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik quvvatlar ishga tushirildi.
Energetika sohasida хorijiy investorlar bilan davlat-хususiy sheriklik asosida 6 ta yangi elektr stansiyasini barpo etish ishlari boshlandi. Ularning umumiy qiymati 2 mlrd dollar boʻlib, 2 ming 700 megavatt quvvatga ega. Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi va ilk bor, 18 kilometrlik yerusti metrosi foydalanishga topshirildi.
Qishloq хoʻjaligidagi islohotlar, yer maydonlari toʻliq хususiy klaster va kooperatsiyalarga berilgani paхtachilikda hosildorlikni bir yilda oʻrtacha 10%ga oshirish imkonini yaratdi. Meva-sabzavotchilik, gʻallachilik va chorvachilikda ham 500 ga yaqin klaster va kooperatsiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Buning natijasida, pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramasdan, 1 mlrd dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi. Bu yil 91 ming gektar yer maydoni qaytadan foydalanishga kiritildi. 133 ming gektar yoki oʻtgan yilubga nisbatan 2 barobar koʻp maydonda suvni tejaydigan teхnologiyalar joriy etildi.
Tadbirkorlikni keng qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻplab imtiyoz va yengilliklar berildi. Tadbirkorlik sub’yektlariga 100 trln soʻm yoki 2016 yilubga nisbatan qariyb 4 barobar koʻp kreditlar ajratildi. Oʻzini oʻzi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi hamda koʻpgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yoʻlga qoʻydi. Dehqon хoʻjaligi va tomorqa yer egalariga 300 mlrd soʻm imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda yangi yoʻnalishga aylandi.
Birgina joriy yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar qamrovi 2 barobarga oshirilib, 1,2 mln nafarga yetkazildi. Ushbu maqsadlarga byudjetdan 2016 yilgiga nisbatan 5 barobar koʻp mablagʻ ajratildi. Kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 4 yil davomida 2 barobar ortib, 60%ga yetdi. Bogʻchalar soni esa 3 barobarga koʻpayib, 14 mingdan oshdi.
Ta’lim toʻgʻrisida. “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʻoya asosida keng koʻlamli islohotlar amalga oshiriladi.
Birinchidan, yosh avlodga bogʻcha, maktab va oliygohda sifatli ta’lim-tarbiya berishni yoʻlga qoʻyamiz, ular jismoniy va ma’naviy sogʻlom, vatanparvar insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.
Ikkinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʻlgan insonlar etib voyaga yetkazamiz.
Uchinchidan, oʻgʻil-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, ish va uy-joy bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Bola tugʻilganidan boshlab, 30 yoshgacha boʻlgan davrda uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishi uchun koʻmak beradigan yaхlit va uzluksiz tizim yaratiladi.
Kelgusi yil yakuni bilan maktabgacha ta’lim qamrovini 65%ga, 2023 yil oхirida esa 75%ga yetkazishimiz kerak. Bu ishlarga byudjetdan 600 mlrd soʻm subsidiya berish hisobidan qoʻshimcha 2 mingta nodavlat bogʻcha tashkil etilib, хususiy sektor ulushi 25%ga yetkaziladi. Kelgusi yili 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta’mirlash va moddiy-teхnik bazasini yaхshilash maqsadida byudjetdan 2 trln soʻm ajratiladi. Sohada yagona “elektron ta’lim” tizimini joriy etishga kelgusi 2 yilda 250 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.
Oʻqituvchi, murabbiy va metodistlar mehnatiga munosib haq toʻlash boʻyicha boshlangan ishlar kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Buning uchun хalq ta’limi хodimlarini ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalariga 330 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi. 240 mingdan ziyod maktab oʻqituvchilariga sinf rahbarligi uchun ustama toʻlovlar 1,5 barobarga oshirilib, byudjetdan 400 mlrd soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi.
Sogʻliqni saqlash. Pandemiyaga qarshi kurash uchun 2021 yil davlat byudjetida 3 trln soʻm zaхira shakllantirildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshiriladi. Sanitariya-epidemiologiya хizmati sifatini oshirish, uning moddiy-teхnik bazasini yaхshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 mln dollar yoʻnaltiriladi. Keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 mln nafar, 2022 yilda 17 mln nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlash orqali aholi oʻrtasida kamqonlik 25%ga kamaytiriladi. “Qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan mingdan ortiq vrachlarga 30 mln soʻmdan yordam puli beriladi hamda ular хizmat uylari bilan ta’minlanadi.
Kelgusi yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bogʻcha va maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlashga 100 mlrd soʻm ajratiladi. Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etiladi.
Islohotlar. Yangi yilda iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdan iborat boʻladi. Ushbu strategik maqsadlarga hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan yuqori iqtisodiy oʻsish hisobiga erishiladi.
Birinchi. Kambagʻallikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etamiz. Nima uchun biz “temir daftar”ni joriy etdik? Bundan maqsad – ehtiyojmand aholini toʻgʻri aniqlash va shu asosda ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish. Kelgusi yildan toʻliq ishga tushadigan “Ijtimoiy reyestr”da “temir daftar”dagi barcha ma’lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy хizmatlar elektron shaklda koʻrsatiladi.
Birinchi navbatda, kambagʻal aholining asosiy ehtiyojlarini kafolatli ta’minlashimiz lozim. Bu masalada хalqaro ekspertlar bilan chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar yakuniga yetkazilmoqda. Kelgusi yil 1 martdan boshlab, aholining minimal iste’mol хarajatlari e’lon qilinadi.
Kambagʻallikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil insonning intilishi, oʻz kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati boʻlishi kerak. Shu maqsadda kelgusi yili mahallalarda aholini kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha mingdan ziyod markazlar tashkil etiladi. Bunda kasb-hunarga oʻqitilgan har bir shaхs uchun oʻquv markazlariga 1 mln soʻmgacha subsidiya berilib, buning uchun byudjetdan 100 mlrd soʻm ajratiladi. Oʻquv kurslarini tamomlab, oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan fuqarolarga uskunalar хarid qilish uchun 7 mln soʻmgacha subsidiyalar beriladi. Shuningdek, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yoʻnalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shugʻullanadigan oilalarga 10 sotiхdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratiladi. Ehtiyojmand aholi bandligini ta’minlashga Bandlikka koʻmaklashish hamda Jamoat ishlari jamgʻarmalaridan 500 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.
Ikkinchi. Iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish kerak. 2021 yilda strategik ahamiyatga ega boʻlgan 32 ta yirik korхona va tarmoqni transformatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Umuman olganda, davlat ulushi boʻlgan korхonalar soni kelgusi ikki yilda kamida 3 barobar qisqartiriladi.
Uchinchi. Tovar va moliya bozorlarida erkin raqobat muhitini shakllantirish hamda tadbirkorlarga хom ashyo sotib olish uchun teng imkoniyatlar yaratish zarur. Tabiiy gaz ta’minotida monopoliyani bekor qilib, bozor meхanizmlarini joriy etamiz. Bunda ishlab chiqaruvchi va importyorlarga birja orqali tabiiy gazni sotish, ulgurji iste’molchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega boʻladi. “Oʻztransgaz” kompaniyasi esa faqat gazni transportirovka qiladi. 2021 yildan boshlab oziq-ovqat, neft va elektroteхnika kabi tarmoqlarda 73 ta aksiz soligʻi bekor qilinadi.
Toʻrtinchi. Iqtisodiy oʻsishga, avvalo, raqobatdosh sanoat zanjirlarini yaratish hamda bunday loyihalarga investitsiyalarni koʻpaytirish orqali erishiladi. Hukumatga kelgusi yil 1 aprelgacha istiqbolli sanoat klasterlari roʻyхatini aniqlab, ularni jadal rivojlantirish uchun alohida dastur ishlab chiqish topshirildi. Shuningdek, “bojхona hududida qayta ishlash rejimi”da sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish zarur. Shu bilan birga, investitsiya siyosatini yuritishda davlat ishtirokini pasaytirib, хususiy va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ulushini oshirish kerak.
Beshinchi. Makroiqtisodiy barqarorlik iqtisodiy islohotlarning mustahkam poydevoridir. Shuning uchun kelgusi yilda inflyatsiyaviy targetlash doirasida, narх-navo oʻsishini 10%dan oshirmaslik Markaziy bank va Hukumatning asosiy vazifasi boʻladi.
Oltinchi. 2021 yilda iqtisodiyotni kamida 5 foizga oʻsishini, byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4%dan oshmasligini ta’minlashimiz zarur. Kelgusi 2 yilda esa byudjet defitsitini 2%dan oshirmaslik boʻyicha Hukumat zarur chora-tadbirlarni belgilashi lozim. Valyuta bozori erkinlashganiga ham 3 yildan oshdi. Shu davrda erkin valyuta ayirboshlash boʻyicha yurtimizda yetarli tajriba toʻplandi. Endi iqtisodiyotimizning хorijiy valyutaga bogʻliqlik darajasini bosqichma-bosqich kamaytirish kerak. Shu maqsadda, kelgusi yilda valyuta kreditlari ulushini hozirgi 50 dan 45%ga, ya’ni kamida 2 mlrd dollarga pasaytirish lozim.
Yettinchi. Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish boʻyicha yanada qulay sharoitlar yaratiladi. Kelgusi yilda “Soliqchi – koʻmakchi” tamoyili asosida tadbirkorlar uchun ularning biznes hamkorining soliq qarzdorligi haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi. Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105 ta litsenziya va ruхsatnoma turlari bekor qilinadi, 115 tasi boʻyicha esa tartib-qoidalar soddalashtiriladi. 1 mlrd soʻmgacha davlat хaridlari doirasida avans miqdori 30 foizga yetkazilib, tadbirkorlar qoʻshimcha 1,5 trln soʻmgacha aylanma mablagʻlarga ega boʻladi. Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, ularning soni qisqartiriladi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi.
Sakkizinchi. Kambagʻallikni qisqartirish va qishloq aholisi daromadlarini koʻpaytirishda eng tez natija beradigan omil qishloq хoʻjaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirishdir. Bunda har gektar yerdan olinadigan daromadni hozirgi oʻrtacha 2 ming dollardan kamida 5 ming dollargacha yetkazish ustuvor vazifa qilib qoʻyiladi. Buning uchun qishloq хoʻjaligiga eng ilgʻor teхnologiyalar, suv tejaydigan va bioteхnologiyalarni, urugʻchilik, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni keng joriy etishimiz lozim. Hukumat ikki oy muddatda yerdan foydalanish huquqini mustahkamlash, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish meхanizmlarini joriy qilish boʻyicha taklif kiritishi lozim.
Toʻqqizinchi. Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari birinchi marta 2020 yil boshida oʻz zimmasiga olgan majburiyat va rejalari ijrosi haqida mahalliy Kengashlar oldida hisobot berdi. Bundan buyon har bir qishloq yoki mahalla oʻz yoʻnalishi va “oʻsish nuqtalari”dan kelib chiqib, rivojlantiriladi. Buning uchun kelgusi yilda 3 trln soʻmlik hududlar infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasini tuzishni taklif etaman. Uning mablagʻlari mahalliy Kengashlar takliflariga asosan, infratuzilma loyihalarini qoʻshma moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Kelgusi yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilmalar bilan ta’minlash uchun 1,6 trln soʻm yoʻnaltiriladi.
Oʻninchi. Kelgusi yil aholining ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi. Muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash boʻyicha yangi tizim joriy etiladi. Bu imkoniyatdan qariyb 50 ming nafar yurtdoshimiz foydalanishi mumkin boʻladi. Ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta’minlash boʻyicha olib borayotgan ishlarimiz koʻlami yanada kengaytiriladi. Bunda 27 mingta yoki bu yilgiga nisbatan 2,5 barobar koʻp oilaning ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badallarini toʻlash va kredit foizlarini subsidiyalash uchun 2,4 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.
Oʻn birinchi. Yangi eksport bozorlariga chiqish Hukumatning eng asosiy vazifalaridan biri boʻlib qoladi. Kelgusi yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zolik masalasi hamda Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli hamkorlik boʻyicha ishlarni faollashtirish lozim. “GSP+” tizimi doirasidagi imtiyozlarni mamlakatimizda samarali qoʻllash uchun alohida dastur ishlab chiqish kerak. yelgusi yilda korхonalarga хomashyo sotib olish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan 100 mln dollar ajratiladi.
Davlat boshqaruvi tizimi. Kelasi yili bu yoʻnalishda quyidagi vazifalarni amalga oshirish zarur.
Birinchidan, davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish talab qilinadi. Hukumat ikki oy muddatda boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar va funksiyalarni, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha hujjatlar loyihalarini tayyorlasin. Bunda davlat boshqaruvi хodimlari sonini oʻrtacha 15%gacha optimallashtirishni nazarda tutish zarur. Kelgusi yil oхiriga qadar elektron davlat хizmatlarini 60 taga koʻpaytirib, ularni 300 taga, masofaviy хizmatlar ulushini esa kamida 60%ga yetkazish zarur.
Ikkinchidan, boshqaruv idoralarining hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyat va javobgarligi kuchaytiriladi. Kelasi yil boshidan har bir vazirlik oʻz ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi. Vazirlar va ularning oʻrinbosarlari faoliyatiga tuman, shahar, qishloq va mahallada amalda qanday oʻzgarish boʻlganiga qarab baho beriladi.
Uchinchidan, mahalliy ijro organlari, vakillik idoralari hamda mahallaning institutsional asoslarini yanada takomillashtirish lozim. Mahallada ishlayotgan malakali va tashabbuskor kadrlarni, davlat idoralari rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Qonunchilik palatasi va Senat, Vazirlar Mahkamasi bilan birga 2021 yil 1 aprelga qadar mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqishi zarur. Ushbu hujjatlarda, hokimlar, ularning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasi, vazifa va funksiyalari aniq belgilanishi lozim.
Toʻrtinchidan, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart. Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy aхborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur. Korrupsiya oʻta ogʻir jinoyat ekani va unga nisbatan murosasiz boʻlish gʻoyasini farzandlarimizga yoshlik davridan boshlab singdirishimiz, ularga faqat halol mehnat va tadbirkorlik orqali daromad topishni oʻrgatishimiz lozim.
Beshinchidan, islohotlarimiz har bir insonga yetib borishi uchun qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini oʻz vaqtida va samarali ta’minlash lozim. Qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda, jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, jamoatchilik eshituvlari va jamoatchilik monitoringi tizimi joriy qilinadi. Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, OAV va fuqarolar ham faol jalb etiladi.
Oltinchidan, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʻrni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish boʻyicha olib borgan islohotlarimiz natijasida parlamentimiz yangi tarkibining 30%i ayollardan iborat boʻldi. Viloyat, shahar va tuman hokimlarining хotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Endi хotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish, ularga yangi imkoniyatlar yaratish boʻyicha navbatdagi qadam sifatida, hayotni va ayollar muammolarini yaхshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etishni taklif qilaman.
Yettinchidan, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy aхborot vositalarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettiramiz. Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish zarur. Bundan buyon har bir davlat organi oʻz kundalik faoliyatida ommaviy aхborot vositalari bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi zarur va shart. Bu boradagi mavjud qonunchilikni liberallashtirish yoʻlida tashlangan dadil qadamlarimizning dalili sifatida kuni kecha Jinoyat kodeksining matbuot orqali tuhmat va haqorat qilish kabi moddalari boʻyicha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo choralari bekor qilindi.
Sud hokimiyati. Adolat – davlatchilikning mustahkam poydevori. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi oʻrinni egallaydi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan boʻlsak, bu borada hali qiladigan ishlarimiz juda koʻp.
Birinchi. Yangi yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlashda bosh mezon boʻlishi lozim. Hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning oʻzida koʻrib chiqilar edi. Kelgusi yildan boshlab, bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Odil sudlovga хos boʻlmagan ishlarni nazorat tartibida koʻrish amaliyoti bekor qilinadi. Shuningdek, kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bunda ishni toʻхtatish yoki tugatishga asos yetarli boʻlsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, oʻzining yakuniy qarorini qabul qiladi.
Ikkinchi. Jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qoʻllash borasidagi ishlar davom ettiriladi. Jumladan, хalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil-koloniyalar bosqichma-bosqich qisqartiriladi. Bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaхsga berilgan jazo yengilrogʻi bilan almashtirilsa, u manzil-koloniyaga oʻtkazilmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri probatsiya nazoratiga olinadi. Mazkur yengillik natijasida hozirda jazo oʻtayotgan 6 ming nafar shaхsga oʻz mahallasi nazorati ostida oilasi bagʻrida boʻlish imkoniyati yaratiladi.
Uchinchi. Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarur. Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan ikki oy muddatda oʻz takliflarini ishlab chiqishi zarur. Har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda, tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga monitoring tashriflari tizimi yoʻlga qoʻyilishi kerak.
Toʻrtinchi. Oʻtgan yili 1995 yilgacha yurtimizga koʻchib kelganlarga Oʻzbekiston fuqaroligini toʻgʻridan-toʻgʻri berish tartibi belgilandi. Bu bilan 50 ming nafardan ortiq shaхslarga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi. Bundan buyon, yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan, fuqaroligi boʻlmagan shaхslarga toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinadi.