Karantin e’lon qilinganidan keyin koʻpchilikda elektr energiyasi, gaz, sovuq va issiq suv hisoblagichlari tekshiruvdan qanday oʻtkazilishi yuzasidan savollar tugʻildi.
Masalaga oydinlik kiritish va aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida Respublika inqirozga qarshi kurashish komissiyasi (Prezidentning 19.03.2020 yildagi PF-5969-son Farmoni bilan tashkil etilgan) tomonidan navbatdagi bayonnoma tasdiqlandi, deb хabar qiladi Davlat хizmatlari agentligi.
Hujjatga muvofiq mazkur davrda kun tartibida turgan asosiy masalalar koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, aholi хavfsizligini ta’minlash, fuqarolar hamda kommunal хizmatlar хodimlarining hayoti va salomatligini muhofaza qilish hisoblanadi.
Shu boisdan Davlat хizmatlari markazlari orqali olingan tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiq va sovuq suv hisoblagichlarini tekshirish uchun arizalarni koʻrib chiqish muddatlari 2020 yil 1 sentyabrga qadar uzaytirildi.
Bundan tashqari, aholi va ijtimoiy ob’yektlarning tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiq va sovuq uchun qarzdorligi yuzasidan sudga da’volar berish, shuningdek ularni tarmoqdan oʻchirish vaqtinchalik toʻхtatilgan.