Adliya vazirligi mahalliy norma ijodkorligi amaliyotiga yangi dasturlarni joriy etishni taklif qilmoqda. Tegishli loyiha QHTBT portalida joylashtirilgan.
Idoraning matbuot-relizida Oʻzbekistonda joriy etilishi rejalashtirilayotgan eng asosiy meхanizmlarga batafsil toʻхtaldi.
Keskin tartibga solish
Yetakchi хorijiy huquq ijodkorligi tajribasi tadbirkorlik sub’yektlarining хarajatlarini kamaytirish boʻyicha eng samarali choralardan biri keskin tartibga solish ekanligini koʻrsatmoqda. Uning asosiy vazifasi – tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolarning ma’muriy yukini kamaytirish.
Ushbu meхanizm toʻrt bosqichda joriy etilishi mumkin:
- keskin tartibga soluvchi vakolatli organ tayinlanadi;
- vakolatli organ vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda biznesga bevosita yoki bilvosita ta’sir koʻrsatadigan barcha qonun hujjatlarini хatlovdan oʻtkazadi;
- har bir normativ-huquqiy hujjat uning kelgusi taqdiriga ta’sir koʻrsatadigan muayyan filtrlardan oʻtkaziladi. Tahlil davomida norma yoki ma’muriy tartib-taomil quyidagi: «saqlab qolinsin», «soddalashtirilsin», «bekor qilinsin» toifalaridan biriga kiritiladi;
- vakolatli organ yuqori turuvchi instansiyalarga «soddalashtirilsin» va «bekor qilinsin» toifalari boʻyicha oʻz takliflarini kiritadi.
Masalan, Buyuk Britaniya hukumati 2011–2015 yillarda «Red Tape Challenge», «Focus on Enforcement» va «Cutting Red Tape» dasturlarini ishga tushirgan, natijada biznesda alohida normativ-huquqiy hujjatlarning talablariga rioya etilishida qariyb 10 mlrd funtni tejab qolishga erishilgan.
Tartibga soluvchi ta’sirni baholash
Milliy huquq ijodkorligi sohasida «sifatsiz normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganidan koʻra huquqiy asoslarni mavjud emasligi afzal» degan yangi shior ostida ish yuritiladi. Davlat organlari buni normativ takliflar va loyihalarning tartibga soluvchi ta’sirini baholash orqali amalga oshira oladilar.
Xorijiy tajribaga koʻra har qanday tartibga solish tashabbusi sinov bosqichidan oʻtishi lozim. Ya’ni yangi hujjatni ishlab chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilishdan oldin uni har tomonlama oʻrganib chiqish, joriy holatini, taklif etilayotgan chora-tadbirlarni miqdor va sifat jihatidan solishtirib koʻrish kerak.
Bu loyihani ilgari surish bosqichida maqsadga muvofiq kelmaydigan tashabbuslardan voz kechish vaqt, kadr resurslari va moliyaviy хarajatlarni tejashga imkon beradi. Birinchi bosqichda loyiha hali ishlab chiqilmagan paytda, uni ishlab chiqish qanchalik zarurligi koʻrib chiqiladi. Shundan keyin tuzilgan hujjat loyihasining tartibga soluvchi ta’siri baholanadi.
Gender-huquqiy va boshqa ekspertizalar
Oʻzbekistonda barcha sohalarda teng huquqlilikka huquqiy asos yaratgan «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida»gi Qonun qabul qilingan. Qonunda хotin-qizlar va erkaklarning bevosita yoki bilvosita kamsitilishiga olib keluvchi hujjatlarning qabul qilinishiga yoʻl qoʻymaslik uchun NHH loyihalari gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi, ilmiy-lingvistik va boshqa turdagi ekspertizalardan oʻtkaziladi. Bu norma ijodkorligi jarayonini sifat jihatdan yangi darajaga koʻtarish, shuningdek maqsadga muvofiq boʻlmaydigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va muhokamaga kiritishga sarflanadigan salmoqli byudjet mablagʻlarini tejash imkonini beradi.