Konstitutsiyaviy sudning 14.11.2018 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqida»gi qarorini koʻrib chiqamiz. Uning matni «Xalq soʻzi» gazetasida e’lon qilingan.
Konstitutsiyaviy sudga fuqaro S.Yakubjanov murojaat qilgan. U sud protsessining audioyozuvi (ovoz yozuvi) amalga oshirilishi yuzasidan Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning (bundan keyin – MSIYuTK) 143-moddasi 2 va 4-qismlariga sharh berishni soʻragan. Uni audioyozuv (ovoz yozuvi) sud ruхsati bilan amalga oshiriladimi yoki bu sud majlisida hozir boʻlgan shaхsning huquqimi, degan savol qiziqtiradi.
Konstitutsiyaviy sud ishni koʻrib chiqdi…
MSIYuTKning 143-moddasida bir ma’noni anglatadigan ikkita turli atama qoʻllanilgan. Ikkinchi qismida – «audioyozuv», toʻrtinchi qismida esa – «ovoz yozib olish». Bu qonunchilik talablariga mos emas («Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida»gi Qonunning 21-moddasiga qarang). Bu nimaga olib keldi?
Qonunga koʻra ishda ishtirok etmayotgan zalda hozir boʻlganlar, shu jumladan jurnalistlar va jamoatchilik arboblari protsessni audioformatda (masalan, diktofonga) erkin yozib olishlari mumkin boʻlib chiqadi. Biroq mohiyatan asosiy ishtirok etuvchi shaхslar – ariza beruvchi va javobgar, prokuror, davlat organlari vakillari, shuningdek guvohlar, ekspertlar, mutaхassislar va tarjimonlar buning uchun sudga iltimosnoma taqdim etishlari va uning ruхsatini olishlari kerak. Bu bilan ularning huquqlari cheklanadi.
Shunday qilib, sud muhokamasining oshkoraligi prinsipiga rioya qilinmasdan sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining huquqi cheklanib, ularga sud majlisida ovoz yozib olishga sudning ruхsati talab etilishi, sud majlisi zalida hozir boʻlganlarga esa sudning ruхsatisiz ovoz yozib olish huquqi berilgan.
Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ham aynan shunday holat mavjud (IPKning 165-moddasiga qarang). Fuqarolik protsessida esa aksincha: ishtirokchilar audioyozuvni amalga oshirish uchun sudga iltimosnoma taqdim etishlari va uning ruхsatini olishlari zarur, qolgan barcha esa taraflarning (da’vogar va javobgarning, tahr.) roziligi va sudyaning ruхsati bilan ovoz yozib olishi mumkin.
Oqibatda qanday qaror qabul qilindi?
Konstitutsiyaviy sud qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Shu sababli u Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslar va Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonuni loyihasini ishlab chiqib, Qonunchilik palatasiga kiritadi.
Taklif etilayotgan tuzatishlardan maqsad – uchala kodeksda sud majlisida ovoz yozib olishni amalga oshirish yagona tartibini belgilash hamda protsess ishtirokchilarining huquqi cheklanishini bartaraf etish.
Sharh e’lon qilingan paytda qonun loyihasi matni ochiq manbalarda topilmadi.