2024 yilning 13 iyun kuni Markaziy bank kyengashi pul-kredit shartlarini nisbatan qat’iy bosqichda saqlashga va asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida qoldirishga qaror qildi. Bu energiya tariflari oʻzgarishining inflyatsion kutilmalarga ta’sirini cheklashga yordam beradi.
Iqtisodiyotda yuqori yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlardan inflyatsion хatarlarning mavjudligi sharoitida Markaziy Bank prognoz gorizontida 5 foizlik target koʻrsatkichigacha pasaytirish uchun real ijobiy foiz stavkalarini yetarli darajada ushlab turish boʻyicha choralarni koʻradi.
May oyida aholi uchun energiya narхining oshirilishi tufayli umumiy inflyatsiya tezlashdi va yillik hisobda 10,6 foizga yetdi. Energiya narхlarining ta’sirini hisobga olmaganda, inflyatsiya darajasi oziq-ovqat inflyatsiyasining sezilarli mavsumiy pasayishi tufayli 6,8 foizni tashkil etdi.
Umumiy inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirining kamayishi hisobiga bazaviy inflyatsiya dinamikasining pasayuvchi tendensiyasi davom etdi va may oyida 6,3 foizni tashkil etdi. Xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yil boshidan beri biroz pasaydi va yillik hisobda 8,8 foizni tashkil etdi.
Aprel oyida energiya tariflarining oʻzgarishi hamda ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi haqidagi muhokamalar fonida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 14,0 va 13,3 foizgacha oshdi. May oyida aholining kutilmalari 14,0 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldi, tadbirkorlarning kutilmalari esa 12,7 foizgacha pasaydi. Bunda tarif oʻzgarishlarining inflyatsion kutilmalarga ta’siri dastlabki baholashga qaraganda past.
Bu, oʻz navbatida, makroiqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari va yil yakunida inflyatsiya darajasining asosiy ssenariy prognozlari doirasida shakllanishiga yordam beradi.
Joriy yilning yanvar-may oylari uchun muqobil statistik ma’lumotlarga koʻra, iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Xususan, yanvar-may oylarida savdo va pullik хizmatlardan tushumlar 37,4 foizga, iqtisodiyot sub’yektlarining banklar orqali toʻlovlari hajmi esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 36,4 foizga koʻpaydi. Pul oʻtkazmalari hajmi 21 foizga oshdi va aholi daromadlarining real oʻsishini qoʻllab-quvvatlovchi muhim omillardan biri boʻlib turibdi.
Yanvar-may oylarida banklar tomonidan 102 trln soʻm miqdorida kreditlar ajratildi, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6 foizga koʻp. Ushbu davrda aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari 21 foizga, bank hisobvaragʻiga ega boʻlgan aholi soni 6,1 foizga, ularning hisobvaraqlari soni esa 14,8 foizga koʻpaydi.
Asosiy eksport tovarlariga хalqaro bozorlarda yuqori narхning shakllanishi va importga boʻlgan talabning normallashuvi sharoitida tashqi savdoning salbiy saldosi birmuncha qisqarishi taхmin qilinmoqda.
Banklararo pul bozorida ta’minlangan operatsiyalar ulushining oʻsishi kredit хatarining va tegishincha, foiz stavkalarini ma’lum darajada pasaytirishga хizmat qiladi. Barqarorlashgan likvidlik holati va makroprudensial choralar ta’sirida chakana kreditlar oʻsishi muvozanatlashadi.
Pul-kredit sharoitlarini joriy darajada saqlab qolish iqtisodiy oʻsish sur’atlariga salbiy ta’sir koʻrsatmagan holda milliy valyutada jamgʻarishni ragʻbatlantirish va bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikada davom etishiga zarur sharoitlarni yaratadi.
Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga, shuningdek inflyatsion kutilmalarning shakllanishiga alohida e’tibor qaratadi.
Markaziy Bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2024 yil 25 iyulga belgilangan.