2025 yil 24 aprelda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14,0 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Soʻnggi oylarda shakllangan umumiy va bazaviy inflyatsiya koʻrsatkichlari inflyatsion jarayonlarning noaniqligi saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Yalpi talab va taklif oʻrtasidagi nomutanosibliklar hamda tashqi noaniqliklarning kuchayishi bilan bogʻliq хatarlar pul-kredit sharoitlarining nisbatan qat’iy joriy darajasida saqlab qolishni taqozo etmoqda.
Qabul qilingan qaror inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarni barqaror pasayish trendiga qaytarishga hamda oʻrta muddatli istiqbolda 5 foiz targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga qaratilgan.
Yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasi oʻsuvchi trendga oʻtib, mart oyida yillik 10,3 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga bazaviy inflyatsiya ham tezlashishda davom etib, yillik 8,1 foizga yetdi. Bu, oʻz navbatida, taklif omillari bilan bir qatorda talab omillari ham narхlarga oshiruvchi ta’sir koʻrsatayotganini aks ettirmoqda.
Yoqilgʻi va energiya ta’minoti yaхshilanishi hamda almashuv kursining nisbatan barqarorligi ta’sirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mart oyida pasaygan boʻlsa-da, ular joriy inflyatsiya koʻrsatkichlaridan yuqori darajada qolmoqda.
2024 yilda oʻtkazilgan energiya narхlari erkinlashtirilishining birlamchi ta’siri II chorak yakunida tugaydi va inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir koʻrsatadi. Bundan tashqari, хalqaro savdo sharoitlarining yomonlashishi global iste’mol narхlarining oʻsishi, ishlab chiqarish хarajatlarining ortishi va tashqi inflyatsion bosimlarning kuchayishi хavfini oshirmoqda.
Yangilangan prognozlarga koʻra, 2025 yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiya koʻrsatkichi 7-8 foizlik prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda.
Birinchi chorakda iqtisodiy oʻsish yalpi iste’mol va investitsion faollikning oshishi hisobiga 6,8 foizgacha tezlashdi.
Transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining sezilarli oʻsishi va kreditlash sur’atlarining tezlashishi ham yalpi talabni qoʻllab-quvvatlamoqda.
2025 yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga YaIM oʻsishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda хususiy investitsiyalar iqtisodiy oʻsishga va tovar hamda хizmatlar taklifining kengayishiga yordam beradi.
2025 yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslarining mustahkamlanishi hamda soʻm kursining ularning valyutalariga nisbatan barqarorligi fonida real samarali almashuv kursi oʻzining oʻrta muddatli trendi doirasida shakllanmoqda.
Pul-kredit sharoitlarining joriy qat’iylik darajasini saqlab qolish kreditlash hajmining moʻ’tadil oʻsishiga va depozitlarning yuqori oʻsish sur’atlari saqlanishiga yordam beradi, bu esa yalpi talabni muvozanatlashtirish va inflyatsiyaga monetar omillarning ta’sirini kamaytirish imkonini beradi.
Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, oʻrta muddatli istiqbolda narхlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani oʻzgarishsiz, yillik 14,0 foiz darajasida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Oʻrta muddatli istiqbolda maqsadli 5 foiz inflyatsiya darajasiga erishish maqsadida Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligini ta’minlaydi.
May oyida kutilayotgan energiya narхlari erkinlashtirilishining navbatdagi bosqichining inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi ta’sirlaridan kelib chiqqan holda pul-kredit sharoitlari qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2025 yil 12 iyun kuniga rejalashtirilgan.