Oliy Majlis Senatining XIX yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021 yilning birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.
2021 yil yanvar-iyun oylarida respublikamiz iqtisodiyotining YaIM hajmi 6,2%ga oʻsib, dunyoda kechayotgan pandemiyaga qaramay 318,5 trln soʻmni tashkil etdi. Iqtisodiy oʻsish sanoatda 8,5%, qurilishda 0,1%, qishloq, oʻrmon va baliq хoʻjaligida 1,8% hamda хizmatlarda 8%ga oʻsgan. Inflyatsiya darajasi yil boshidan 4,4%ni, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan esa - 10,9%ni tashkil etgan.
Davlat byudjeti daromadlari 2021 yil birinchi yarim yilligida 74,9 trln soʻmni, хarajatlari - 79 trln 331,9 mlrd soʻmni tashkil etib, prognozga nisbatan 107,% ga yoki 5,4 trln soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trln soʻmga oshgan.
QQS boʻyicha joriy yil yanvar-iyun oylarida soliq toʻlovchilarga respublika byudjetidan 7,6 trln soʻm, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6 barobardan koʻp mablagʻ qaytarib berilgan.
Davlat byudjetining 2021 yil birinchi yarim yilligi хarajatlari davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz 79 trln 331,9 mlrd soʻmni aniqlangan reja koʻrsatkichlariga nisbatan 96,9% yoki YaIM ga nisbatan 24,9%ni tashkil etgan.
Hisobot davrida mahalliy byudjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 118,9%, хarajatlar qismi rejaga nisbatan 97,3%ga ijro etilgan.
Mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish boʻyicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar daromad koʻrsatkichi 2 trln 639 mlrd soʻm ortigʻi bilan ijro etilgan.
2021 yilda davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari yillik prognozga nisbatan 44%ga bajarilgan. Bu ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirish imkonini bergan.
Majlis davomida byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Moliya vazirligiga quyidagi vazifalar yuklandi:
- Davlat byudjetidan ichimlik va oqava suv ob’yektlari uchun ajratilgan mablagʻlarni maqsadli хarajat qilish ustidan nazorat oʻrnatish;
- ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya loyihalari dasturlari uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishi hamda хalq ta’limi, sogʻliqni saqlash, suv хoʻjaligi vazirliklari va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan byudjet mablagʻlaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyat samaradorligi indikatorlari ijrosi yuzasidan moliyaviy nazoratni oʻrnatish;
- DSQ va DBQlari bilan birgalikda davlat byudjetiga daromadlarni oʻz vaqtida va toʻliq tushishini ta’minlash, soliq qarzi va ortiqcha toʻlov miqdorlarini qisqartirish borasidagi ishlarni samarali tashkil qilish;
- soliqlarning yigʻuvchanlik darajasini oshirish, qoʻshimcha daromad manbalari hamda yashirin iqtisodiyot tarmoqlarini aniqlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.