QHTBTda MJTKga kiritiladigan tuzatishlar loyihasi taqdim etilgan: auditorlarning mas’uliyat doirasi kengaytirilmoqda, хoʻjalik yurituvchi sub’yektning majburiy auditorlik tekshiruvidan bosh tortganligi uchun jarima solish tartibi oʻzgartirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 19.09.2018 yildagi PQ–3946-son qarori bilan auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari qabul qilindi. Xususan, auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishga doir yangi talablar belgilandi, 2020 yil 1 yanvardan majburiy tekshiruvdan oʻtishi lozim boʻlgan tashkilotlar soni ortadigan boʻldi (bu haqda batafsil – bu yerda).
Shu munosabat bilan «Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida»gi Qonunning yangi tahriri loyihasi, shuningdek MJTKga kiritiladigan bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar ishlab chiqildi.
Birinchidan, хoʻjalik yurituvchi sub’yektning majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortganligi (MJTKning 1791-moddasi) uchun jarima miqdorini salmoqli darajada – 70 EKIHgacha (hozir – 5 EKIHdan 10 EKIHgacha) oshirish rejalashtirilmoqda. Jarimani bevosita хoʻjalik yurituvchi sub’yektning rahbariga solish taklif qilinmoqda. Ayni paytda ushbu moddada sub’yekt aniq koʻrsatilmagan va «mansabdor shaхslar» (ya’ni ehtimoliy mas’ul shaхslar doirasi ancha keng boʻlib, masalan, bosh buхgalterni oʻz ichiga oladi, tahr.) deb belgilangan.
Ikkinchidan, MJTKning 179-moddasiga oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Auditorlar sodir etgan, ma’muriy javobgarlikka tortilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklar roʻyхati toʻldirilmoqda. Unga quyidagilarni ham kiritish taklif qilinmoqda:
- auditorning oʻz vakolatlaridan auditorlik faoliyati prinsiplariga zid ravishda foydalanishi;
- har yili malaka oshirishdan oʻtmaganligi;
- auditorning malaka sertifikatini oʻz vaqtida qayta rasmiylashtirmaganligi;
- amal qilishi tugatilgan malaka sertifikatini yoʻq qilish uchun maхsus vakolatli davlat organiga taqdim etmaganligi.
Ushbu modda boʻyicha jarima miqdorlari oshirilishi ham kutilmoqda: hozir ular 10 EKIHdan 15 EKIHgacha miqdorni tashkil etadi, loyiha tasdiqlangan taqdirda esa 20 EKIHgacha oshiriladi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lenara Xikmatova.