QHTBT portalida Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi joylashtirilgan.
Amaldagi “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonun 1997 yilda qabul qilingan, shundan keyin unga bir necha marotaba qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritilgan, biroq u zamonaviy shart-sharoitlarga toʻgʻri kelmaydi.
Yangi Qonunning maqsadi milliy energetika resurslari saqlanishini, energiyadan va ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanishni ta’minlaydigan umumiy huquqiy asoslarni shakllantirishdan iboratdir.
Loyiha 7 bob va 24 moddadan iborat boʻlib, unga quyidagilarni tavsiflaydigan yangi boʻlim va moddalar kiritilgan:
- energiya saqlanishi va energiya jihatidan samaradorlik sub’yektlari va ob’yektlari;
- asosiy atama va tushunchalar;
- tovar aylanmasida energiya jihatidan samaradorlikni ta’minlash masalalari;
- binolar va inshootlarning energiya jihatidan samaradorligi;
- energetika auditi;
- energetika хizmatlari (servisi) boʻyicha kontraktlar.
Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi siyosatning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi, tarmoqlarning energiya jihatidan samaradorligi va boshqalar toʻgʻrisidagi moddalar kengaytirilgan.
Loyihada bir nechta amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar birхillashtirilgan.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lola Abduazimova.