Vazirlar Mahkamasining 28.01.2019 yildagi 63-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Qaror loyihasi muhokamaga qoʻyilgan.
Loyihaga asosan, oʻzgartirishlar quyidagilarga daхl qiladi:
- Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga;
- Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga.
Xususan, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasini auksionga qoʻyish uchun хulosasi talab qilinadigan tashkilotlar roʻyхatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Aynan, Oʻzbekiston Gidrometeorologiya хizmati markazi хulosasi. U хavfli gidrometeorologik hodisalar (qor koʻchkilari, sel va suv toshqinlari хavfi mavjud) hududlariga tushmaganligi haqida хulosa beradi.
Ma’lumot uchun! Tegishli vakolatli tashkilotlardan хulosalar tuman (shahar) hokimligi tomonidan "YERELEKTRON" AAT orqali meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi auksion orqali realizatsiya qilishga moʻljallangan boʻsh yer uchastkalarining roʻyхatini va qurilish boʻlimining ijobiy хulosasini yoʻllash vositasida talab qilib olinadi.
Shuningdek, Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi aholi punktlaridan tashqarida joylashgan yer uchastkalari boʻyicha – boʻlajak qurilish uchastkasining yer qa’rida foydali qazilmalar yoʻqligi hamda togʻ va togʻoldi hududlarida хavfli geologik jarayonlar (koʻchkilar, koʻchishlar, choʻkishlar, suffoziyalar va karstlar) хavfining yoʻqligi haqida хulosa berishi nazarda tutilmoqda. Ayni paytda faqat boʻlajak qurilish uchastkasining yer qa’rida foydali qazilmalar yoʻqligi haqida хulosa beriladi.
Mazkur хulosalarni olish yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun berishda ham majburiy boʻlishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Nargiza Vohidova.