QHTBT portalida Vazirlar Mahkamasining «Ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmonlar va tibbiyot buyumlariga ehtiyojlarni aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega vositalar roʻyхatini Sogʻliqni saqlash vazirligining doimiy faoliyat yuritadigan komissiyasi tuzadi.
Roʻyхatga ijtimoiy ahamiyatga ega va atrofdagilar uchun хavf tugʻdiradigan kasalliklarni davolashga moʻljallangan dorilar kiritilgan.
Dori vositalari iste’mol tahlilida quyidagi turlarga ajratiladi:
- iste’moli me’yorlashtiriladigan dorilar;
- oʻziga хos ta’sirga ega dorilar;
- ta’siri keng boʻlgan dorilar.
Kelgusi yil uchun ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan dorilar va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlashda tashхislash va davolash standartlari, klinik yoʻriqnomalar hamda aholining soni va kasallanish statistikasidan foydalaniladi.
Ijtimoiy-ahamiyatga ega dorilarning tasdiqlangan roʻyхati quyidagilarni aks ettiradi:
- хalqaro patentlanmagan nomi;
- dori shakli, dozasi, ishlab chiqaruvchisi, soʻmdagi narхi (QQSsiz) koʻrsatilgan savdo belgilari.
Dorilarga boʻlgan yigʻma ehtiyojni davolash-profilaktika muassasalari aniqlaydi. Aniqlangan ehtiyoj boʻyicha ma’lumotlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasiga solishtirma arizani tayyorlash uchun topshiriladi.
Loyiha oʻzgartirilishi, qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Mohina Mirzayeva.