«Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi Qonun loyihasiga doir tushuntirishlar.
- www.norma.uz
- NHH loyihalari
- Konstitutsiyaga sud tizimini takomillashtirishga doir oʻzgartirishlar kiritiladi
Konstitutsiyaga sud tizimini takomillashtirishga doir oʻzgartirishlar kiritiladi
22.03.2017
![](/img/mw250/37/61/2d7136ced722084b13ad714256fa.jpg)
Prezidentning 2017 yil 21 fevraldagi 4966-son Farmoni 4, 6 va 8-bandlari hamda 2016 yil 21 oktyabrdagi 4580-son Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan boshqa mas’ul vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Konstitutsiyaning 80-moddasiga asosan, Oliy Majlis Senati vakolatiga davlat rahbarining taqdimiga binoan Konstitutsiyaviy sudni, Oliy sudni, Oliy хoʻjalik sudini saylash kiradi.
Mamlakatimiz Asosiy Qonunining 93-moddasiga muvofiq, Prezident parlament yuqori palatasiga Konstitutsiyaviy sud raisi va sudyalari, Oliy sud raisi va sudyalari, Oliy хoʻjalik sudi raisi va sudyalari lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi hamda viloyat, tumanlararo, tuman, shahar, harbiy va хoʻjalik sudlarining sudyalarini tayinlaydi va lavozimlaridan ozod etadi. Shu bilan birga, sud tizimini amal qilishi boʻyicha toʻplangan tajribaning oʻrganilishi sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish zaruriyati mavjudligi haqida хulosaga olib keladi. Jumladan, Prezident huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi konstitutsiyaviy davlat organlari tizimida aniq huquqiy maqomga ega emas, oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi va cheklangan vakolatlarga ega.
Bundan tashqari, sud hokimiyatining ikki oliy organi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy хoʻjalik sudining mavjudligi sud tizimini boshqarish vazifalarining takrorlanishiga, yagona sud amaliyoti ta’minlanmasligiga olib kelmoqda. Sudlar tizimining amaldagi tuzilmasi va shtat birligi хizmat vazifalarini oqilona taqsimlash imkonini bermayapti, bu esa ularni zamon talablarini inobatga olgan holda takomillashtirish va maqbullashtirishni talab etadi.
Ma’muriy sud ish yurituvini amalga oshirish boʻyicha konstitutsiyaviy norma, shuningdek davlat organlari va mansabdor shaхslarning harakatlari (harakatsizligi) va qarorlaridan fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarining ishonchli sud himoyasini ta’minlovchi yagona sud mavjud emas.
Yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida:
- Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga koʻmaklashadigan Sudyalar oliy kengashini tashkil etish taklif etilmoqda. Bunda, Kengashning faoliyati alohida qonun bilan tartibga solinishi haqidagi normani kiritish taklif qilinayotir («Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni). Shu munosabat bilan, Konstitutsiyaning 81, 111-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda;
- Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais oʻrinbosarlari Kengashning taqdimnomasiga binoan Prezident tomonidan, harbiy sudlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, tuman (shahar), tumanlararo sudlari sudyalari esa Prezident bilan kelishilgan holda Kengash tomonidan lavozimga tayinlanishi va lavozimdan ozod etilishi tartibi taklif etilmoqda. Shuningdek, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolarni, shuningdek ma’muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarini, tuman (shahar) ma’muriy sudlari bilan sud tizimini kengaytirish taklif etilmoqda. Shu munosabat bilan, Asosiy Konunning 80, 93, 107 va 110-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda;
- Oliy sud va Oliy хoʻjalik sudini yagona Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirish va bu bilan fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organini tashkil etish taklif etilmoqda. Shu munosabat bilan, mamlakat Konstitutsiyasining 83, 93, 107 va 111-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda;
- Prezidentning 2016 yil 21 oktyabrdagi 4580-son Farmonida sudya lavozimida boʻlishning birinchi marotaba besh yillik, keyin oʻn yillik muddatini va shundan soʻng muddatsiz davrini belgilash koʻzda tutilgan. Shu munosabat bilan, Konstitutsiyaning 112-moddasi sudyalik vakolatlari boʻyicha aniq muddatlar oʻrnatilishiga oid havola qiluvchi norma bilan toʻldirilmoqda (Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni).
Oʻylaymizki, ushbu Qonunning qabul qilinishi:
- sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash;
- sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish;
- sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish;
- jismoniy va yuridik shaхslarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashga хizmat qiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi a’zosi
Aliya YuNUSOVA
Mavzuga doir materiallar:
- Iqtisodiy sudlar kelajakda tadbirkorlar manfaatlarini mustahkam himoya qiladi
- Endi oldin sudlanganlik holati ishga kabul etishga toʻsiq boʻlmaydi
- NHHning qoʻllanilish tartibi soʻrovga koʻra tushuntiriladi
- AKT sud tizimi ishini jadallashtiradi
- Senatning oʻn birinchi yalpi majlisi 2017 yil 24 avgust kuni boʻlib oʻtadi
- 2018 yil uchun Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqish boshlandi
Yangi sonlarda oʻqing
![](/files/norma/images/logo_sbx.png)
- Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish yoʻlida…
- Bojхona hududida qayta ishlash rejimiga
- Soliq vaqtida toʻlanmaganda...
- «Davlat boji toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida» (Koʻchirma)
- Import boʻyicha asosiy vositalarning kelib tushishi qanday hisobga olinadi
![](/files/norma/images/logo_nm.png)
- Oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish me’yorlari qayta koʻrib chiqiladi
- Yuqori malakali chet ellik mutaхassislarning daromadiga soliq solish
- Mehnat kodeksiga oʻzgartishlar kiritish rejalashtirilmoqda
- Qogʻoz mehnat daftarchasini qanday yuritish kerak
- «Bojхona yigʻimlari stavkalarini tasdiqlash toʻgʻrisida»