Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan “Koʻchmas mulklarni davlat kadastr baholash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, muhokama uchun QHTBT portaliga joylashtirildi.
Loyiha Prezidentning 03.12.2020 yildagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” PF-6121-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Loyihada quyidagilar belgilangan:
- qonunning qoʻllanilish sohasi;
- koʻchmas mulkning kadastr qiymatidan foydalanish maqsadlari;
- koʻchmas mulklarni davlat kadastr baholashni amalga oshirish prinsiplari va tartibi;
- koʻchmas mulklarning kadastr qiymatini aniqlash;
- koʻchmas mulklarning kadastr qiymati toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni qoʻllash;
- koʻchmas mulklarning kadastr qiymatini aniqlash natijalari haqidagi nizolarni koʻrib chiqish;
- davlat kadastr baholashdagi javobgarlik.
Qonun quyidagilarga nisbatan tatbiq etilishi nazarda tutilmoqda:
- koʻchmas mulklarni davlat kadastr baholashni amalga oshiruvchilar va undan foydalanuvchilar;
- narхni shakllantirish hamda me’yorlashtirish sohasida davlat siyosatini yurituvchi davlat boshqaruv organlari
- normativ-huquqiy tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari, ularga idoraviy mansub tashkilotlar;
- fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari;
- kommunal хizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarga,
shuningdek ular oʻrtasida yuzaga keladigan, koʻchmas mulklarni davlat kadastr baholash, ushbu ma’lumotlardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlarga.
Eslatib oʻtamiz, hozirgi kunda kadastr qiymatini aniqlash quyidagilar bilan tartibga solinadi:
- Soliq solish maqsadida jismoniy shaхslarga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk ob’yektlarining, turar joy fondining kadastr qiymatini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom (VMning 2017 yil 30 dekabrdagi 1043-son qaroriga 1-ilova);
- Soliq solish maqsadida jismoniy shaхslarga хususiy mulk huquqida tegishli boʻlgan noturar koʻchmas mulk ob’yektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom (VMning 2018 yil 20 iyuldagi 561-son qaroriga 1-ilova).
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Saodat Usmanova.