Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining «Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjat Vazirlar Mahkamasining 10.02.2021 yildagi «Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 61-son qarori bilan tasdiqlangan «Yoʻl хaritasi»ning ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlandi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasida quyidagilar nazarda tutilgan:
• loyihani lingvistik ekspertizadan oʻtkazishning asosiy maqsadi va vazifalari;
• lingvistik ekspertizaga qoʻyiladigan asosiy talablar;
• ekspertiza oʻtkazish tartibi;
• ekspertning huquq va majburiyatlari.
NHHlar loyihalarining lingvistik ekspertizasi loyiha matni davlat tili qoida va talablariga muvofiqligini tekshirish maqsadida ishlab chiquvchi tomonidan yoki jalb etilgan ekspertlar tomonidan oʻtkaziladi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab NHHlarning loyihalari lingvistik ekspertizadan oʻtkazilganidan soʻng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun joylashtiriladi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lola Abduazimova.