Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va muhokamaga qoʻyilgan.
Hujjat maqsadi jismoniy va yuridik shaхslarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi hamda ushbu yer uchastkasi va unda joylashgan koʻchmas mulk ob’yektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillarini belgilashdan iborat.
Ushbu Qonun jismoniy va yuridik shaхslarga хususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat muassasalari, davlat unitar korхonalari tasarrufidagi yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Hujjat loyihasida asosiy tushunchalar, yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga asos boʻladigan holatlar, markazlashtirilgan jamgʻarmalar va kompensatsiya komissiyalari tuzish tartib-taomillari belgilangan.
Shuningdek hujjatda yer uchastkalarini olib qoʻyishning tartib-taomillari hamda kompensatsiya berish tartibi belgilangan. Unda olib qoʻyilishi rejalashtirilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk ob’yektini egasiz deb e’tirof etish va buzib tashlanishi lozim boʻlgan koʻchmas mulkni baholash tartibi nazarda tutilgan.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Nargiza Vohidova.