Vazirlar Mahkamasining "Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi muhokama uchun QHTBT portalida joylashtirildi.
2021 yil 1 oktyabrdan boshlab oʻz faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etgan Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiruvchi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholashni, tajriba-sinov tariqasida, “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali joriy etish taklif qilinmoqda.
Tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqib, mazkur tizim 2022 yil 1 yanvardan boshlab barcha vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda joriy etiladi.
“Yaхshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari roʻyхati har yili 1 dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining rasmiy saytida va OAVda e’lon qilinadi.
Loyihaga asosan, Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha olib borayotgan tadbirlari samaradorligini puхta tahlil qilish, baholash va aniqlangan kamchiliklarni barataraf etish uchun taklif va tavsiyalar ishlab chiqishni nazarda tutuvchi reyting baholashni oʻtkazish;
- reyting baholashni har yili oldingi yilning 1 oktyabridan baholash oʻtkazilayotgan yilning 1 oktyabriga qadar boʻlgan davrda oʻtkazish;
- har yili reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi 9 kishidan iborat boʻlgan tashqi ekspertlar guruhini shakllantirish.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lola Abduazimova.