Vazirlar Mahkamasining «Volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Hujjat volontyorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Xususan, volontyorlarni roʻyхatga olish va ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashning yangi meхanizmlari joriy etiladi. Buning uchun Yoshlar ishlari agentligi Oʻzbekiston yoshlar portali negizida volontyorlar platformasini ishga tushiradi.
Ushbu platforma quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:
• volontyorlar va ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalarni tashkil etuvchilarni hisobga olish;
• volontyorlarni ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etishi uchun roʻyхatdan oʻtkazish;
• volontyorlarning loyihalar va aksiyalardagi ishtirokini, shuningdek davlat organlari faoliyatiga koʻmaklashgan davrini qayd etib borish.
Volontyorlarni kelajakda ishga qabul qilishda ularning volontyorlik faoliyatida orttirgan ish tajribasi va koʻnikmalari haqida ish beruvchilar ma’lumotga ega boʻlishlarini ta’minlash maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi volontyorlar platformasi bilan integratsiya qilinadi.
Shunday tartib oʻrnatilishi taklif etilmoqdaki, unga muvofiq:
- davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari tomonidan bir oy muddatda amalga oshirishga volontyorlar jalb etiladigan davlat organining vazifa va funksiyalari roʻyхati tasdiqlanadi;
- davlat organlari huzurida volontyorlik guruhlari tuziladi, ularga volontyorlar komissiya tomonidan suhbat asosida tanlab olinadi;
- volontyorlik guruhlarining faol a’zolari byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan ragʻbatlantirib boriladi hamda ularning turli ijtimoiy tadbirlar, loyihalar va aksiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq tashabbuslari Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lola Abduazimova.