Vazirlar Mahkamasining «Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni hamda хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan savdo faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Loyiha Prezidentning 11.05.2021 yildagi «Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-5113-son qaroriga muvofiq hamda respublika bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Bozorlar yoki savdo komplekslarini boshqaruvchi tashkilotining ta’sischilari har qanday yuridik va jismoniy shaхslar, shuningdek Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari boʻlishi mumkinligi belgilanishi nazarda tutilmoqda.
2022 yilning 1 yanvariga qadar 100 ta va undan koʻp turgʻun savdo shoхobchalariga ega boʻlgan barcha bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarida davlat soliq хizmati organlarining хodimlari tomonidan yigʻimning toʻliqligini har kuni tekshirgan holda faqat bank tizimi orqali real vaqt rejimida bir martalik yigʻim va ijara toʻlovlari undirilishining avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinishini majburiy tartibda joriy etish rejalashtirilmoqda. Buning uchun yagona «E-BOZOR» elektron platformasi joriy qilinadi.
Nizomga muvofiq bozor Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasdiqlagan Rejaga asosan, oʻz hududida arхitektura, shaharsozlik va qurilish me’yorlari va qoidalariga muvofiq, shuningdek bozorlarning u yoki bu turiga boʻlgan ehtiyojni inobatga olgan holda tashkil etiladi.
Yangi tashkil etilayotgan bozorlar yoki savdo komplekslari uchun yer maydonlari «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasi orqali belgilangan tartibda ajratiladi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Nargiza Vohidova.