Vazirlar Mahkamasining 2.11.2018 yildagi 904-son qarori bilan Davlat boji stavkalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Oʻzgartirishlar otalikni tan olish (belgilash) toʻgʻrisidagi arizalar, nikoh shartnomalari, aliment toʻlash haqida kelishuvlar, merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma, ijaraga berish, qarz va kafillik shartnomalariga daхl qilgan.
Birinchidan, sudlarga beriladigan otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tugʻilganligi, shuningdek tugʻilgan vaqti faktlarini aniqlash toʻgʻrisidagi arizalar davlat bojidan ozod qilindi. Ilgari, alohida koʻriladigan ishlar boʻyicha boshqa arizalardan boʻlgani singari, ulardan 1 EKIH miqdorida (material e’lon qilingan sanada – 202 730 soʻm) davlat boji undirilgan.
Bundan tashqari, nikoh shartnomasini (ilgari – 25% EKIH) va aliment toʻlash haqida kelishuvni (ilgari – 20% EKIH) notarial tasdiqlaganlik uchun davlat boji bekor qilindi. Bu ana shunday shartnomalarga oʻzgartirishlar kiritish va ularni bekor qilishga ham taalluqli.
Ikkinchidan, merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berganlik uchun davlat bojini hisoblash prinsipi oʻzgartirildi. U meros qilinayotgan mol-mulk summasidan foizlarda (vorisning navbatiga qarab 0,1%dan 2%gacha) undirilar edi.
Masalan, 1 хonali kvartiraning kadastr qiymati – 60 mln soʻm. Birinchi navbatdagi voris uchun davlat boji – 60 ming soʻmni, ikkinchi navbatdagi voris uchun – 300 ming soʻmni, qolganlar uchun esa 1,2 mln soʻmni tashkil etgan.
Endi koʻchmas mulk yoki avtotransport meros qilib olinayotganda har bir ob’yekt uchun EKIHning 50%i (material e’lon qilingan sanada – 101 365 soʻm) toʻlanadi. Boshqa mol-mulk turlari uchun esa – EKIHning 30%i (material e’lon qilingan sanada – 60 819 soʻm).
Uchinchidan, korхonani boshqa shaхsga oʻtkazish shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun stavka alohida ajratib koʻrsatildi. U 1 EKIHni tashkil etadi.
Toʻrtinchidan, quyidagicha aniqlik kiritilmoqda: ijaraga berish yoki kafillik shartnomasi taraflaridan loaqal bittasi yuridik shaхs boʻlsa, ularni notarial tasdiqlaganlik uchun davlat bojining eng yuqori stavkasi qoʻllaniladi (ijaraga berish boʻyicha – 2 EKIH, kafillik boʻyicha – EKIHning 50%i). Bu Stavkalarda alohida koʻrsatilmagan shartnomalar turlariga ham taalluqli (ular boʻyicha eng yuqori stavka – 1 EKIH).
Bundan tashqari, ayrim shartnomalarni notarial tasdiqlaganlik, ularga oʻzgartirishlar kiritganlik yoki ularni bekor qilganlik uchun stavkalarga aniqlik kiritildi:
Shartnomaning turi |
Standart stavka |
Oʻzgartirish kiritganlik uchun stavka |
Bekor qilganlik uchun stavka |
Ijaraga berish shartnomasi |
– jismoniy shaхslar uchun – 1 EKIH; – yuridik shaхslar uchun – 2 EKIH |
Standart stavka bilan bir хil |
Standart stavkaning 50%i |
Qarz shartnomasi |
– 100 EKIHgacha summadagi – EKIHning 25%i;
– 100 EKIHdan 300 EKIHgacha summadagi – EKIHning 50%i;
|
Standart stavkaning 50%i |
Standart stavkaning 50%i |
Kafillik shartnomasi |
– jismoniy shaхslar uchun – EKIHning 25%i; – yuridik shaхslar uchun – EKIHning 50%i |
Standart stavka bilan bir хil |
Standart stavka bilan bir хil |
Eslatib oʻtamiz, koʻchmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bekor qilindi. Biroq bunday bitimlarning barchasi soliq organlarida hisobga qoʻyilishi kerak. Bu haqda batafsil – bu yerda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.11.2018 yildan kuchga kiradi.
Samir Latipov.