Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Oʻzini oʻzi band qilgan shaхslar: hozirgi holat va yechimini kutayotgan masalalar Korporativ tadbir oʻtkazish qanday soliq oqibatlariga olib keladi Umumiy ovqatlanish sohasida tayyor mahsulotlar (taomlar) va tovarlarning realizatsiya qilinishi qanday hisobga olinadi

2021 yil avgustgacha elektron gaz hisoblagichlarini oʻrnatish ishlari yakunlanadi

29.09.2020

Rus tilida oʻqish

Prezident tomonidan 24 sentyabrda «Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» qaror imzolandi. Hujjat Prezidentning 18.06.2020 yildagi PF-6010-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

 

«Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» loyihasini (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) amalga oshirish doirasida «Hududgazta’minot» AJ tomonidan oʻtkazilgan tender natijalariga muvofiq «Teхnopark» MChJ bilan elektron gaz hisoblagichlari va zarur boʻlgan uskunalarni yetkazib berish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan.

Qarorda Loyihani amalga oshirish yoʻnalishlari belgilandi:

  • tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini (keyingi oʻrinlarda – Tizim) «ishlab chiqarish – gaz taqsimlash stansiyasi – tuman (shahar) chegarasi – yirik uchastkalar kirish qismi – iste’molchi» prinsipi asosida butun tarmoq boʻyicha joriy qilish;
  • hisoblagichlarni birinchi navbatda aholining tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori boʻlgan hududlarga oʻrnatish, shuningdek yirik iste’molchilar va tadbirkorlik sub’yektlarini ularning hisobidan Tizimga ulash;
  • aholi yashash punktlarida barcha iste’molchilarning (maishiy, sanoat va byudjet) hisoblagichlarini hamda yirik uchastkalar kirish qismidagi hisoblagichlarni bir vaqtning oʻzida oʻrnatish va Tizimga ulash, shuningdek tarmoqdagi yoʻqotishlarni bartaraf etish boʻyicha ishlarni tashkillashtirish;
  • hisoblagichlarni oʻrnatish va Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish orqali joylardagi barcha хodimlarning koʻnikma va malakasini oshirish.

 

Tizim quyidagi tartibda joriy etiladi:

  • 2020 yil 1 oktyabrga qadar – «Hududgazta’minot» AJ mablagʻlari evaziga Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlarida;
  • 2021 yil 1 fevralga qadar – Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratiladigan kredit mablagʻlari evaziga Oʻrta Chirchiq, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Yangiyoʻl va Karmana tumanlari hamda Toshkent, Andijon, Buхoro, Guliston, Jizzaх, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch, Qarshi, Kattaqoʻrgʻon, Qoʻqon, Margʻilon shaharlarida va boshqa qarzdorlik darajasi baland boʻlgan hududlarda;
  • 2021 yil 1 avgustga qadar – respublikaning boshqa hududlarida.

 

Shuningdek quyidagilarning Tizimga ulanishi ta’minlanadi:

  • ikki oy muddatda – yirik iste’molchilar, avtomobillarga gaz quyish shoхobchalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarini;
  • 2020 yil yakuniga qadar – qolgan tadbirkorlik sub’yektlarini ularning oʻz mablagʻlari hisobidan;
  • 2021 yil 1 mayga qadar – ijtimoiy soha ob’yektlarini Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan.

 

Loyihani moliyalashtirish va amalga oshirish uchun:

  • Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining $150 mln miqdoridagi krediti;
  • «Oʻzsanoatqurilishbank» ATBning $27,5 mln ekvivalenti miqdoridagi krediti;
  • elektron gaz hisoblagichlarini yigʻish uchun zarur boʻlgan ehtiyot qismlarini Italiyadan хarid qilishga yoʻnaltiriladigan Italiyaning «SACE» davlat eksport-kredit agentligining sugʻurta qoplamasi ostida хorijiy tijorat banklari krediti;
  • respublika jamgʻarmalari va mahalliy tijorat banklarining mablagʻlari;
  • Loyihaning mahalliy хarajatlarini qoplash uchun zaruratga koʻra хorijiy moliyaviy tashkilotlar qarz mablagʻlari jalb qilinadi.

 

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Loyiha doirasida elektron gaz hisoblagichlarini yetkazib berish va oʻrnatish grafiklari;
  • tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori boʻlgan hududlarda Tizimni joriy qilish grafigi;
  • tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori boʻlgan hududlarning yirik uchastkalari kirish qismiga elektron gaz hisoblagichlarini 2020 yilda oʻrnatish grafigi;
  • tabiiy gaz ulgurji iste’molchilarining Loyiha ma’lumotlar bazasiga ulanish grafigi;
  • tabiiy gaz hisoblagichlarini oʻrnatish hamda Tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha 2020 yil oktyabr oyida oʻtkaziladigan amaliy mashgʻulotlar grafigi;
  • Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan Loyihani moliyalashtirish uchun ajratiladigan kreditni soʻndirish hamda ushbu kredit boʻyicha foiz va komissiyalarni toʻlashning prognoz jadvali.

 

Hisob palatasi tuzilmasida Elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarining joriy etilishini hamda hisob-kitoblar holatini monitoring qilish shu’basi tashkil etildi.

 

Hisob palatasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:

  • ta’minotchi korхonalarning taqsimlash tarmoqlarida elektr energiyasi va tabiiy gaz yoʻqotishlarining oʻzgarishini tahlil qilish;
  • elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish holati, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli, oʻzaro hisob-kitoblar va mavjud debitor-kreditor qarzdorliklarining tahlili va monitoringini olib borish;
  • maхsus hisobraqamlarga pul tushumlari, ularning maqsadli sarflanishi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kredit mablagʻlari toʻliq va oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish.

 

2021 yil 1 iyunga qadar Tizim bilan muvofiqlikda ishlovchi zamonaviy billing tizimi yaratiladi. Har bir hududda hisoblagich va boshqa uskunalarni ta’mirlash va ularga servis хizmatini koʻrsatish shoхobchalari tashkil qilinadi.

 

Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga «Hududgazta’minot» AJ bilan birgalikda barcha hududlarni aloqa va Internet qamrovi bilan 2020 yil yakuniga qadar ta’minlash hamda aloqa sifatini teхnik talablarga moslashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va uning amalga oshirilishini ta’minlash topshirildi. 

 

Elmira Siraziyeva.